Isroil va “Hizbulloh” o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldi – Bayden 

Olam

image

Isroil va Livanning “Hizbulloh” harakati Livanda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda kecha, 26 noyabr kuni AQSH Prezidenti Jo Bayden o‘zining X sahifasida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasidagi sulh bitimi 27 noyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 04:00 da Isroil va Livanda kuchga kiradi. Shartnoma shartlariga ko‘ra, Isroil mudofaa kuchlari (SAHAL) bo‘linmalari kelasi 60 kun ichida Livan hududini tark etadi.

“Vashington va Parij o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi to‘liq bajarilishini ta’minlashga harakat qiladi”, deyiladi xabarda.

Sulh haqidagi xabarlarni Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu tasdiqladi. Isroil Vazirlar Mahkamasining 11 a’zosidan 10 nafari Livan guruhi bilan bitim tuzish uchun ovoz bergan.

Netanyaxu AQSHga jarayonga qo‘shgan hissasi uchun minnatdorlik bildirgan, ammo Isroil o‘z xavfsizligiga tahdid soladigan har qanday tahdidga qarshi harakat qilish huquqini va “Hizbulloh” bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga amal qilish erkinligini saqlab qolishini aytdi. Kelishuv doirasida Isroil Bosh vaziri, shuningdek, mamlakat fuqarolariga, agar “Hizbulloh” o‘zini qurollantirsa yoki chegara yaqinidagi infratuzilmasini tiklasa, Isroil Livanda jangovar harakatlarni davom ettirishiga va’da berdi.

Vashington, shuningdek, Livan qurolli kuchlarini jihozlash, o‘qitish va moliyaviy yordam bilan ta’minlaydigan mintaqaviy harbiy-texnik qo‘mitaga qo‘shiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH va Fransiya Prezidentlari Jo Bayden va Emmanuel Makron Isroilning “Hizbulloh”ga qarshi operatsiyasi davom etayotgan Livanda 36 soat ichida o‘t ochishni to‘xtatilishini e’lon qilishni rejalashtirayotgandi. O‘qqa tutish harakatlarini to‘xtatish bo‘yicha muzokarani kuzatish uchun AQSH raisligida tashkil etilgan besh mamlakatdan iborat maxsus qo‘mita nazorat qiladi, unga Fransiya ham kiradi. Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasidagi otishmani to‘xtatish muzokaralari BMT Xavfsizlik kengashining 2006 yildagi 1701-rezolyutsiyasi asosida qabul qilinadi. Unga ko‘ra, Isroil bilan chegara hududlarga Livan armiyasi va BMTning UNIFIL tinchlikparvar kuchlari kirishi kerak. “Hizbulloh” esa o‘z qo‘shinlarini Isroil chegarasidan 30 kilometr uzoqlikdagi Litani daryosigacha olib chiqishi lozim edi.


Maqola muallifi

Teglar

Hizbulloh o't ochish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing