Isroil va “Hizbulloh” sulhni uzaytirmoqchi – “Bloomberg”

Olam

image

Livanning “Hizbulloh” harakati va Isroil o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv muddati kelasi hafta tugaydi. Lekin sulh muddati uzaytirilishi mumkin. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “Bloomberg” xabar berdi.

Livan, Isroil va Fransiya rasmiylariga ko‘ra, “Hizbulloh” va Isroil sulh shartlarini to‘liq amalga oshirish uchun ko‘proq vaqtga muhtoj va harbiy harakatlarni qayta boshlash niyati yo‘q. Isroillik yuqori martabali diplomatning aytishicha, tomonlar 27 yanvar kuni yakunlanadigan sulhni uzaytirish masalasini muhokama qilmoqda, chunki ular mojaroning qayta boshlanishini oldini olishni istayapti. Isroil va Livan o‘rtasida diplomatik munosabatlar mavjud bo‘lmagani sababli, ular bevosita muzokaralar o‘tkaza olmaydi. Shu sababli muzokaralarda Livan, Isroil va Fransiya vakillari vositachilik qilmoqda.

Nashrning yozishicha, Livandagi sulh rejimi noyabr oyidan beri amal qilib kelayotgan bo‘lsa-da, “Hizbulloh” va Isroil uning shartlarini buzganlikda bir-birini ayblashda davom etmoqda. 2024 yil 27 noyabrda kuchga kirgan kelishuvda Livan armiyasining janubiy chegaraga BMT tinchlikparvarlari ko‘magida joylashtirilishi va “Hizbulloh” qurolli guruhlarining Litani daryosi ortiga chekinishi ko‘zda tutilgan edi. Bunga javoban, Isroil janubiy Livanda olib borayotgan quruqlik operatsiyasini to‘xtatib, o‘z qo‘shinlarini 60 kun ichida mintaqadan olib chiqishi kerak edi. 2025 yil 21 yanvar kuni Livan Prezidenti general Jozef Aun ushbu kelishuvga binoan Isroil armiyasi 27 yanvargacha Livan janubiy hududlarini tark etishi lozimligini eslatib o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil va “Hizbulloh” o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lgach, Livanning ko‘chirilgan oilalari uyga qaytishni boshlagani xabar qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil Livan “Hizbulloh” sulh

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing