Isroil va HAMAS bir-birini sulhni buzishda aybladi
Olam
−
29 noyabr 2023
2730Isroil mudofaa kuchlari G‘azo sektori shimolida HAMAS tomonidan o‘t ochilishi oqibatida bir necha askar yengil yaralanganini ma’lum qildi. Bu haqda SAXAL bayonotida so‘z boradi.
Bildirilishicha, 28 noyabr kuni, tushdan keyin bir soat ichida, G‘azo sektori shimolidagi ikkita joyda, Isroil qo‘shinlari yaqinida uchta portlovchi qurilma ishga tushgan. Isroil armiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, voqealardan birida HAMAS kuchlari Isroil askarlariga qarata o‘t ochgan va isroilliklar bunga javob qaytargan.
“Ikki holatda ham SAXAL kuchlari kelishilgan sulh chegaralari doirasida edi”, deyiladi hisobotda.
O‘z navbatida, HAMAS Isroilni G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini “qo‘pol ravishda buzayotganlikda” aybladi.
Ularning aytishicha, Isroilning harakatlari HAMAS kuchlarining javob choralariga sabab bo‘lgan. HAMAS vakillari tafsilotlarni keltirmagan. Ular "sulhga sodiq" ekanini qo‘shimcha qilgan.
Eslatib o‘tamiz, G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv 24 noyabr kuni ertalab kuchga kirgandi. Dastlabki kelishuvga ko‘ra, 4 kun davomida HAMAS garovdagi 50 nafar isroillikni, Isroil esa qamoqdagi 150 nafar falastinlikni ozod qilishi kerak edi. 27 noyabr kuni tomonlar sulhni yana ikki kunga uzaytirishga kelishib olganini ma’lum qildi. Bu vaqt ichida HAMAS garovdagilar orasidan yana 20 nafar ayol va bolani ozod qilishi kerak.
LiveBarchasi