Isroil Suriyaga ham aviazarbalar berdi
Olam
−
04 iyun 5257 2 daqiqa
Kecha, 3 iyun kuni Isroil Mudofaa armiyasi janubiy Suriyadagi qurol-yarog‘ omborlariga aviazarbalar berdi. Bu haqda Suriyaning SANA axborot agentligi xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, zarbalar Dar’a viloyatining Yarmuk vodiysiga qaratilgan.
Qayd etilishicha, bu zarbalar Suriya hududidan Isroilga qarata otilgan ikki snaryadga javoban amalga oshirilgan. Snaryadlar Isroilga uchib o‘tgan, biroq aholi yashamaydigan hududga tushgan.
Isroil Mudofaa vaziri Isroil Kats ushbu hodisa uchun Suriyaning muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Sharani mas’ul deb atagan. Biroq Suriyaning yangi rasmiy hokimiyati Isroilga qarata hech qanday hujum bo‘lmaganini bildirgan. Suriya Tashqi ishlar vazirligining bayonotida Isroilning da’volari o‘rganilayotgani aytilgan.
“Biz Suriyadan Isroilga qarata o‘q uzilgani haqidagi xabarlarni hali ham o‘rganmoqdamiz. Shu bilan birga, Suriyamiz hech qachon va hozir ham Yaqin Sharqdagi hech bir davlatga tahdid solmagan va solmaydi”, deyiladi ushbu bayonotda.
Vazirlik Isroilning Suriya hududidan amalga oshirilgan raketa hujumlariga javobini “Suriya suverenitetining jiddiy buzilishi” va “mintaqadagi taranglikni kuchaytirish” deb atagan.
Shunday qilib, tomonlar o‘rtasidagi ziddiyat yana keskinlashmoqda, biroq hodisa tafsilotlari hali to‘liq aniqlashtirilmagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 14 may kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida Ahmad ash-Shara (Abu Muhammad al-Jo‘loniy) bilan uchrashgandi va unga Isroilni tan olish hamda Ibrohim kelishuvlariga qo‘shilish taklifini bergandi. Suriyaning yangi rahbari Trampning bu takliflariga qanday javob bergani oshkor etilmagan.