Isroil Suriyadagi aviabazaga zarba berdi

Olam

image

Isroil harbiylari Suriya shimoli-g‘arbidagi Halab yaqinida joylashgan Abu ad-Duhur aviabazasiga havo zarbalari berdi. Bu haqda Suriyaning “Ekhbariya” telekanali harbiy manbaga tayanib, xabar berdi.

Qayd etilishicha, Isroil aviabazaning uchish-qo‘nish yo‘lagi va qurol-aslaha saqlanadigan ob’ektlariga 8 ta zarba bergan. Hujumda qurbonlar bo‘lmagan.

Turkiya Tashqi ishlar vazirligi zarbalarni Suriyaning hududiy yaxlitligiga zid deb baholab, xalqaro hamjamiyatni Isroilning Suriyaga qarshi hujumlarini to‘xtatish uchun qat’iyroq chora ko‘rishga chaqirgan. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ma’muriyati esa Suriya Turkiya harbiylarini aviabazaga joylashtirish orqali Isroil bilan xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rnatilgan “status-kvo”ni buzish arafasida turganini bildirgan.

Shuningdek, AQSHning Turkiya va Suriya hamda Iroq bo‘yicha maxsus vakili Tom Barrak hujumlarni “mintaqaviy barqarorlikka xizmat qilmaydigan keraksiz keskinlashuv” deb atagan. Suriya Tashqi ishlar vaziri Asad ash-Shiboni ham zarbalarni to‘xtatishga chaqirgan.

Manbaga ko‘ra, hujumlar Isroil va Turkiya o‘rtasida Suriya masalasida keskinlik kuchaygan bir paytda sodir bo‘lgan. Anqara Isroilni Suriyani beqarorlashtirishga urinishda ayblamoqda. Shu bilan birga, Turkiya Suriya yangi hukumati rahbari Ahmad ash-Sharaaning asosiy ittifoqchilaridan biri hisoblanadi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing