Isroil Suriya prezidentining qarorgohi yaqiniga zarba berdi

Olam

image

Kecha, 1 may kuni Isroil armiyasi Damashqdagi Suriya prezidenti Ahmad ash-Sharaning qarorgohi yaqinida joylashgan nishonga zarba berdi. Bu haqda mamlakat Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ma’lum qildi.

Ushbu hujum Suriyadagi druz guruhlariga nisbatan tahdidning oldini olish maqsadida amalga oshirilgan.

“Bu – Suriya rejimiga aniq signal. Biz Damashq janubiga qo‘shin yuborilishi yoki druz guruhiga nisbatan istalgan tahdidni qat’iyan rad etamiz”, deydi Netanyaxu.

Isroil Mudofaa vaziri Isroil Kats ham chiqish qilib, agar Suriyaning yangi rahbariyati druzlarga qarshi hujumlarning oldini ola olmasa, Isroil bunga kuch bilan javob berishini bildirgan. Unga ko‘ra, 30 aprel kuni Suriyada druzlarga hujum uyushtirilganidan so‘ng u va Bosh vazir Isroil armiyasiga ekstremistik guruhlarga qarshi ogohlantiruvchi zarba berish buyrug‘ini bergan. 

Suriya va Livan manbalariga ko‘ra, hodisalar zanjiri quyidagicha rivojlangan: 29 aprel kuni Suriyaning Damashq yaqinidagi Jaramana shahrida druzlar va sunniy qurolli guruhlari o‘rtasida yuzaga kelgan to‘qnashuvlarda kamida ikki kishi halok bo‘lgan. Suriya hukumatining rasmiy bayonotiga ko‘ra, ushbu to‘qnashuvlarda jami 13 kishi halok bo‘lgan.

Ushbu voqealar fonida Isroilning o‘zida ham noroziliklar kuchaygan. Mamlakat shimolida yashovchi druzlar namoyish o‘tkazib, yo‘llarni to‘sib qo‘ygan va hukumatdan Suriyadagi druz jamoasiga yordam berishni talab qilgan.

Ma’lumot uchun, druzlar – asosan arab tilida so‘zlashuvchi etnik guruh bo‘lib, “druzizm” deb ataluvchi, XI asrda ismoiliylikdan ajralib chiqqan diniy ta’limotga e’tiqod qiladi. Ular Livan, Suriya, Iordaniya va Isroil hududlarida yashaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil havo kuchlari Bayrut janubidagi nishonga havo hujumi uyushtirgandi. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu idorasining ma’lum qilishicha, zarba “Hizbulloh” tomonidan aniq raketalarni saqlash uchun foydalanilgan binoga berilgan. Livan Prezidenti Jozef Aun Isroilning zarbasini qoralab, buni “Hizbulloh” va Isroil o‘rtasida noyabr oyi oxirida erishilgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvining navbatdagi buzilishi deb atadi.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya Isroil Damashq druzlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing