Isroilning so‘ngi hujumlarida 39 g‘azolik halok bo‘ldi
Olam
−
03 iyul 2025 1813 2 daqiqa
Kecha, 2 iyul kuni ertalab Isroil armiyasining G‘azo sektorining turli hududlariga uyushtirgan havo hujumlari oqibatida 39 falastinlik halok bo‘ldi. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.
Asosiy hujumlar tinch aholi va ko‘chirilgan fuqarolar to‘plangan joylarga qaratilgan. Tibbiy manbalar va guvohlarning xabariga ko‘ra, G‘azoning janubidagi Xon-Yunus shahrida joylashgan Al-Mevasi tumanida Isroil qo‘shinlari bir uyni nishonga olib, ikki kishining o‘limiga sabab bo‘lgan.
Xon-Yunusda ko‘chirilgan falastinliklarga tegishli uchta chodir bombardimon qilinishi oqibatida 12 kishi halok bo‘lgan.
Bundan tashqari, shaharning markaziy qismidagi yana bir hujumda uch kishi halok bo‘lgan, yana ikki kishining jasadi shaharning boshqa hududlarida vayronalar ostidan topilgan.
G‘azo sektorining markaziy qismida joylashgan Salohoddin prospektida Isroil qo‘shinlari yordam punktlariga yo‘l olgan falastinliklarga qarata o‘t ochgan. Bu hujumda 10 kishi halok bo‘lgan, 50 dan ortiq kishi jarohat olgan.
Deyr al-Balah shahrida uyushtirilgan hujumda 5 falastinlik halok bo‘lgan.
Rafah shahrida esa gumanitar yordam olish uchun yig‘ilgan odamlar ustiga bomba tashlangan. Bu hujumda ham 5 kishi halok bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Qo‘shma Shtatlar vakillari Isroil bilan G‘azo sektorida 60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha shartlarni kelishib olganini ma’lum qilgandi. Qolaversa, Tramp HAMAS ham ushbu bitimni qabul qilishiga umid bildirgan.
Live
Barchasi