Isroil sulhdan keyin 1,2 ming falastinlikni o‘ldirdi – BMT
Olam
−
15:10 514 2 daqiqa
2025 yilning oktyabr oyida G‘azo sektori va Iordan daryosining G‘arbiy sohilida o‘t ochish to‘xtatilganidan beri 1200 dan ortiq falastinlik Isroil kuchlari tomonidan o‘ldirildi. Bu haqda BMTning inson huquqlari bo‘yicha ekspertlari xabar berdi.
BMT ekspertlari, jumladan, BMTning Falastin bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Francheska Albaneze bosib olingan Falastin hududlarining butun maydoni bo‘ylab falastinlik tinch aholiga qilingan hujumlar keskin kuchayganiga e’tibor qaratgan.
“2025 yilning oktyabridan beri rasman amalda bo‘lgan o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga qaramay, birgina iyul oyida Isroil kuchlari G‘azo sektorida 160 ga yaqin falastinlikni o‘ldirdi. Oqibatda ushbu vayron bo‘lgan anklavda “sulh” joriy etilgan paytdan beri halok bo‘lganlarning umumiy soni 1200 kishidan oshdi”, deydi ekspertlar.
Ular G‘azoda “qirg‘inbarot avvalgi shiddati bilan davom etayotganini” qayd etgan. Ekspertlar shifoxonalar va boshpanalarga berilgan zarbalarni, politsiya xodimlari va BMT bilan shartnoma asosida ishlayotgan xodimlarning o‘ldirilishini qoralagan.
Gumanitar masalalar bo‘yicha ekspertlar G‘azoga hamon yetarlicha oziq-ovqat kirmayotganidan ogohlantirgan.
“Qishloq xo‘jaligi yerlari va toza suvdan foydalanish imkoniyati yo‘qligi, shuningdek, qishloq xo‘jaligi resurslarini yetkazib berish to‘sib qo‘yilgani sababli falastinliklar o‘zlarini oziq-ovqat bilan ta’minlash imkoniyatidan mahrum bo‘lishmoqda”, deydi ekspertlar.
Ular “tinch aholiga qilingan hujumlarni darhol to‘xtatishga, o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga rioya qilishga, gumanitar yordamni to‘siqsiz kiritishga, javobgarlikka tortishga hamda uchinchi davlatlar tomonidan xalqaro gumanitar huquq va inson huquqlariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha aniq choralar ko‘rishga” chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq G‘azo sektorida Isroil armiyasi tomonidan otilgan o‘qlar oqibatida boshidan jarohat olgan 13 yoshli Saba Xashxash ismli qizaloq vafot etgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi