Isroil sulhdan keyin ham G‘azoga keng ko‘lamli zarbalar berdi
Olam
−
20 Oktabr 2025 5561 3 daqiqa
Isroil armiyasi (SAXAL) HAMAS guruhining o‘t ochishni to‘xtatish rejimini “qo‘pol ravishda buzganini” da’vo qilib, G‘azo sektoriga zarbalar berdi. Bu haqda SAXAL matbuot xizmati xabar berdi.
Isroilning ta’kidlashicha, HAMAS a’zolari Misr bilan chegara hududidagi Rafah atrofida terrorchilik infratuzilmasini yo‘q qilish bo‘yicha kelishuv shartlariga muvofiq harakat qilayotgan isroillik harbiylarga o‘t ochgan. Hodisa oqibatida 26 yoshli mayor va 21 yoshli katta serjant halok bo‘lgan. Armiya HAMAS tomonidan foydalanilayotgan tunnellar hamda boshqa harbiy ob’ektlarni yo‘q qilish maqsadida javob zarbalarini yo‘llashni boshlagan.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu harakat a’zolarining harbiylarga uyushtirilgan hujumdan so‘ng, SAXAL va xavfsizlik xizmatiga “G‘azo sektoridagi terrorchilik nishonlariga qarshi qat’iy choralar ko‘rish”ni buyurgan.
“Times of Israel”ning harbiy manbasiga ko‘ra, Rafahda 20 dan ortiq nishonga zarba bergan. Shuningdek, Isroil G‘azo sektoriga gumanitar yordam yetkazishni vaqtinchaga to‘xtatgan.
Isroil hukumatining vakili OAVga anonim tarzda bergan bayonotida Tel-Aviv harbiy harakatlarni qayta boshlashni istamasligini bildirgan. U SAXAL vakillari kabi aviazarbalar HAMAS hujumiga javob bo‘lganini ta’kidlagan va Isroil o‘t ochishni to‘xtatish rejimining buzilishiga xuddi shunday javob qaytarish bilan ogohlantirgan.
Oradan ko‘p o‘tmay, Isroil armiyasi G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga qaytilganini ma’lum qilgan. SAXAL matbuot xizmati xabariga ko‘ra, bu qaror Isroilning siyosiy rahbariyati topshirig‘i asosida qabul qilingan.
“Isroil mudofaa armiyasi o‘t ochishni to‘xtatish shartlariga rioya qilishda davom etadi va uning har qanday buzilishiga keskin javob beradi” deyiladi armiyaning rasmiy bayonotida.
HAMAS, o‘z navbatida, o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga sodiqligini bildirgan. Guruhning bayonotida aytilishicha, ularning Rafahdagi kuchlar bilan aloqasi mavjud emas va HAMAS rahbariyati “bu hududlarda sodir bo‘layotgan voqealarga aloqador ham emas.
“Al Jazeera” nashrining tibbiy manbalarga asoslanib xabar berishicha, kelishuv kuchga kirganidan beri 51 nafar falastinlik halok bo‘lgan, yana 150 kishi yaralangan.
Isroil va HAMAS o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv 10 oktyabrda kuchga kirgan edi. Tomonlar bir-birini bir necha bor uni buzishda ayblagan.
13 oktyabr kuni AQSH, Misr, Turkiya va Qatar yetakchilari Isroil va HAMAS o‘rtasidagi urushni to‘xtatish bo‘yicha vositachilik qilgan holda, kelishuvni imzoladi. AQSH Prezidenti Donald Tramp Yaqin Sharqda “barqaror tinchlik”ka erishilganini ta’kidlagan. Uning rejasi mojaroni hal etish uchun asosiy ssenariy sifatida belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq HAMAS G‘azo urushi tugagandan so‘nggi o‘tish davrida ham mintaqada xavfsizlik nazoratini o‘z qo‘lida saqlashni mo‘ljallagani haqida xabar bergandi. HAMAS hozircha qurolsizlanish bo‘yicha aniq majburiyat ola olmaydi, bu esa AQSHning jangovar harakatlarga barham berish rejalari uchun jiddiy qiyinchiliklar tug‘diradi.
Live
Barchasi