HAMAS qurollarni tashlashga kafolat bermaydi

Olam

image

HAMAS G‘azo urushi tugagandan so‘nggi o‘tish davrida ham mintaqada xavfsizlik nazoratini o‘z qo‘lida saqlashni mo‘ljallamoqda. Bu haqda HAMAS siyosiy byurosi a’zosi Muhammad Nazzalga tayanib, “Reuters” xabar berdi

Uning aytishicha, HAMAS hozircha qurolsizlanish bo‘yicha aniq majburiyat ola olmaydi – bu esa AQSHning jangovar harakatlarga barham berish rejalari uchun jiddiy qiyinchiliklar tug‘diradi.

Muhammad Nazzal, shuningdek, vayron bo‘lgan G‘azoni qayta tiklash uchun guruh besh yilgacha otashkesimga tayyor ekanini aytdi. Ammo, keyingi bosqichda nima bo‘lishi haqida kafolatlar, Nazzalga ko‘ra, faqat falastinliklarga davlatchilik umidi va istiqbollari berilsagina muhokama qilinadi.

Dohada (Qatar) intervyu bergan Nazzal, HAMAS tomonidan G‘azoda amalga oshirilgan qattiq choralar va jamoat oldidagi qatllarni himoya qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, urush paytida “istisno holatlar” bo‘ladi va qatl etilganlar odam o‘ldirishda aybdor jinoyatchilar bo‘lgan.

Qurolsizlanish uchun bosim

HAMAS bu fikrlarni oldin ham har qancha bildirgan bo‘lsa-da, Nazzalning aynan hozirgi paytda aytgan gaplari G‘azoda urushga to‘liq chek qo‘yish harakatlari oldida turgan jiddiy to‘siqlarni ko‘rsatadi – ayniqsa, otashkesimning birinchi bosqichi kelishilganiga bir necha kun o‘tgan bir vaqtda.

Bu bayonotlar HAMASning pozitsiyalari bilan AQSH Prezidenti Donald Trampning G‘azo bo‘yicha rejasi o‘rtasida katta tafovutlar mavjudligini oshkor qiladi, ayniqsa, HAMASning qurolsizlanishi va G‘azoni boshqarish tartibi haqidagi muzokaralar arafasida.

Nazzalning so‘zlari haqida izoh so‘ralganda, Isroil Bosh vaziri apparati Isroil otashkesim kelishuviga sodiq qolayotgani va o‘z zimmasidagi majburiyatlarni bajarishda davom etishini bildirdi.

“HAMAS 1-bosqichda barcha garovdagilarni ozod etishi kerak edi. Bu amalga oshmadi. HAMAS garovdagi fuqarolarimizning jasadlari qayerdaligini biladi. Kelishuvga ko‘ra, ular qurolsizlanishi shart – hech qanday bahonasiz. Ular bunga rioya qilmadi. HAMAS 20 bandik rejaga amal qilishi kerak. Vaqt tugayapti”, deyilgan Isroil bayonotida.

Tramp 29 sentyabrda taqdim etgan rejada HAMAS darhol barcha garovdagilarni qaytarishi, shundan so‘ng qurolsizlanishi va G‘azoni xalqaro o‘tish davri nazoratidagi texnokratlar qo‘mitasiga topshirashi nazarda tutilgan.

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu rejani qo‘llab-quvvatlagan, u bu orqali HAMASning harbiy salohiyati yo‘qqa chiqarilishi, siyosiy hukmronligi tugatilishi va G‘azo yana bir bor Isroilga tahdid solmasligiga ishonch bildirgan.

Isroil ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil 7 oktyabr hujumlarida HAMAS boshchiligidagi jangchilar 1 200 kishini o‘ldirgan va yana 251 nafarni olib ketgan. Isroilning urushdagi javob zarbalari oqibatida esa G‘azoda deyarli 68 ming kishi halok bo‘lgan.

Urushda qattiq zarba yegan HAMAS katta bosim ostida – agar qurol topshirmasa va G‘azo ustidan nazoratdan voz kechmasa, mojaro qayta avj olishi mumkin.

“Men bu savolga “ha” yoki “yo‘q” deb javob bera olmayman. Rostini aytsam, bu loyihaning mohiyatiga bog‘liq. Qurolsizlanish degani nima? Qurollar kimga topshiriladi?” dedi Nazzal HAMAS qurolsizlanishga tayyormi, deb so‘ralganda.

Uning qo‘shimcha qilishicha, keyingi bosqich muzokaralarida qurol masalasi faqat XAMAS emas, boshqa falastinlik qurolli guruhlarni ham qamrab oladi va bu faqat umumfalastin pozitsiyasi asosida hal etilishi lozim.

Oq uydan Nazzalning so‘zlariga munosabat so‘ralganda, Trampning 16 oktyabrdagi izohlari ko‘rsatildi.

“Biz ulardan majburiyat olganmiz va ular bu majburiyatga amal qiladi, deb ishonaman”, — degan Tramp, XAMAS yana bir necha jasadni qaytarganini ta’kidlab, lekin qurolsizlanish yoki zaminda ularning vaqtincha mavjudligi haqida izoh bermay.

Nazzal, shuningdek, 2023 yil 7 oktyabr hujumlarida o‘ldirilgan garovdagilarning qolgan jasadlarini HAMAS saqlab qolishdan manfaatdor emasligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, HAMAS 28 ta jasaddan kamida 9 tasini topshirgan, qolganlarini izlashda texnik qiyinchiliklar bor va zarurat bo‘lsa, Turkiya yoki AQSH kabi xalqaro taraflar yordam berishi mumkin.

O‘tgan hafta bir turk rasmiysi Turkiya Isroil, AQSH, Qatar va Misr bilan birgalikda jasadlarni qidirish bo‘yicha qo‘shma guruhda ishtirok etishini aytgan edi.

HAMAS 4 oktyabrda garovdagilarni ozod qilish va boshqaruvni texnokratlar qo‘mitasiga topshirishga rozi bo‘lgan, ammo boshqa masalalar faqat kengroq Falastin doirasida muhokama qilinishi kerakligini bildirgan. 13 oktyabr kuni guruh barcha tirik garovdagilarni ozod qildi.

Nazzal ikkinchi bosqich muzokaralari tez orada boshlanishini ma’lum qildi.

Saylovlar maqsadi va falastinliklar uchun “umid”

14 oktyabr kuni Tramp HAMASga aniq bildirilganini, u quroldan voz kechishi kerakligini yoki majburlanib shunga yetaklanishini aytdi. Shuningdek, u HAMASga G‘azoda ichki xavfsizlik faoliyati uchun vaqtincha ruxsat berilganini bayon etdi va hatto guruhning jinoiy to‘dalarga qarshi qaratilgan qatllarini ma’qulladi.

“Bu o‘tish davri. Fuqaroviy boshqaruv sifatida, aytganimdek, texnokratik ma’muriyat bo‘ladi. Ammo hududda HAMAS hozir bo‘ladi”, dedi Nazzal.

U o‘tish bosqichidan keyin saylovlar bo‘lishi lozimligini bildirdi. Nozzalga ko‘ra, vositachilar bilan muzokaralarda, Tramp rejasida nazarda tutilgan G‘azoga xalqaro barqarorlik kuchlarini joylashtirish masalasi HAMAS bilan muhokama qilinmagan.

Nazzal, shu bilan birga aytdiki, HAMAS AQSH rasmiylari bilan uchrashuvlarda uzoq muddatli, kamida uch yoki besh yillik to‘xtatish (to‘xtatish choralari) taklif qilgan, bu vaqt ichida G‘azoni tiklashga e’tibor qaratiladi.

“Maqsad kelgusidagi urushga tayyorgarlik emas Bu muddatdan keyingi kafolatlar uchun esa, mamlakatlar Falastin xalqiga “fazo va umid” – ya’ni istiqbol va davlatchilik umidini taqdim etishi talab etiladi. Falastin xalqi mustaqil Falastin davlatini istaydi”, dedi u.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil G'azo HAMAS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing