Isroil parlamenti G‘arbiy sohilni anneksiya qilishga rozilik berdi
Olam
−
23 Oktabr 2025 3523 3 daqiqa
Kecha, 22 oktyabr kuni Isroil parlamenti bosib olingan G‘arbiy sohilga Isroil qonunlarini tatbiq etish to‘g‘risidagi qonun loyihasini dastlabki ovoz berishda ma’qulladi. Bu harakat anneksiya bilan teng deb baholanmoqda.
Bu ovoz berish qonunni qabul qilish uchun zarur bo‘lgan to‘rt bosqichning birinchisidir va u AQSH vitse-prezidenti Jeyms Devid Vensning Isroilga tashrifi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. Bu tashrif AQSH Prezidenti Donald Tramp Isroilga G‘arbiy sohilni anneksiya qilishga ruxsat bermasligini aytganidan bir oy o‘tgach amalga oshdi.
Bosh vazir Binyamin Netanyaxu rahbarlik qilayotgan “Likud” partiyasi ushbu qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlamadi. Loyiha hukumat koalitsiyasi tarkibiga kirmagan deputatlar tomonidan ilgari surildi va 120 deputatdan 25 nafarining “ha”, 24 nafarining “yo‘q” ovozi bilan qabul qilindi.
Oppozitsiya partiyalaridan biri taklif qilgan va Maale Adumim yahudiy posyolkasini anneksiya qilishni ko‘zda tutuvchi ikkinchi qonun loyihasi esa 31–9 natija bilan ma’qullandi.
Netanyaxu koalitsiyasidagi ba’zi a’zolar – Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir rahbarlik qilayotgan “Yahudiy kuchi” partiyasi va Moliya vaziri Betsalel Smotrich boshchilik qilayotgan “Diniy sionizm” fraksiyasidan bo‘lgan deputatlar ushbu qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladi. Qonunning to‘liq kuchga kirishi uchun uzoq qonunchilik jarayoni talab etiladi.
Anneksiya chaqiriqlari va Ibrohim kelishuvlari
Netanyaxu koalitsiyasi a’zolari bir necha yildan buyon Isroil G‘arbiy sohilning ayrim qismlarini rasman anneksiya qilishini talab qilib kelmoqda. Isroil bu hududlarga tarixiy va diniy bog‘liqlikni asos qilib ko‘rsatadi.
Isroilning iddaosicha, u 1967 yilgi urushda qo‘lga kiritgan hududlar yuridik jihatdan “bosib olingan” emas, chunki ular “nizoli yerlar” hisoblanadi. Biroq Birlashgan Millatlar Tashkiloti va jahon hamjamiyatining ko‘p qismi bu hududlarni bosib olingan deb biladi.
BMTning eng oliy sudi 2024 yilda Isroilning Falastin hududlarini, jumladan, G‘arbiy sohilni okkupatsiya qilishi va u yerda qurgan yahudiy posyolkalari noqonuniy ekanini va ularni imkoni boricha tezroq chiqarib olishi kerakligini e’lon qilgan.
Netanyaxu hukumati joriy yil sentyabr oyida bir nechta G‘arb davlatlari Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olganidan so‘ng, anneksiyani javob chorasi sifatida ko‘rib chiqqan edi. Ammo AQSH Prezidenti Donald Trampning e’tirozidan keyin bu reja bekor qilindi.
Falastin Tashqi ishlar vazirligi Isroilning bu harakatini keskin qoralab, shunday bayonot berdi:
“G‘arbiy sohil (shu jumladan Quddus) va G‘azo sektoridagi bosib olingan Falastin hududlari yagona geografik birlikni tashkil etadi va Isroil bu yerlarda hech qanday suverenitetga ega emas”.
HAMAS esa kecha, 22 oktyabr kuni shunday bayonot berdi:
“Isroil parlamentining G‘arbiy sohil va Maale Adumim haqidagi qonun loyihalari bo‘yicha ovoz berishi mustamlakachilik ishg‘olining eng xunuk yuzini namoyon etdi. Biz G‘arbiy sohil yerlarini anneksiya qilishga qaratilgan urinishlarni haqsiz va noqonuniy deb hisoblaymiz”.
HAMAS ikki yillik urushdan keyin qattiq zarbaga uchragan va kuchsizlanib qolgan bo‘lsa-da, G‘azo sektordagi mavqeini tiklashga urinayotgani aytildi.
Falastin ma’muriyati esa G‘arbiy sohilning ayrim qismlarida cheklangan darajada o‘zini o‘zi boshqarish huquqiga ega.
Netanyaxuning o‘zi 2020 yildagi saylov kampaniyasida anneksiya haqidagi va’dasidan voz kechib, uni Birlashgan Arab Amirliklari va Bahrayn bilan munosabatlarni normallashtirish (“Ibrohim kelishuvlari”) yo‘li bilan almashtirgan edi.
Birlashgan Arab Amirliklari – Tramp prezidentligi davrida Isroil bilan rasmiy munosabat o‘rnatgan ilk muhim arab davlati – o‘tgan oy G‘arbiy sohilning anneksiya qilinishi “Ko‘rfaz davlatlari uchun qizil chiziq” ekanini ta’kidladi.
“Falastin masalasidagi maksimalistik, keskin qarashlar endi amal qilmaydi”, dedi BAA Prezidentining diplomatik maslahatchisi, yuqori martabali amaldor Anvar Garg‘ash kecha, 22 oktyabr kuni Abu-Dabidagi NEXT Ko‘rfaz sammitida.
Live
Barchasi