Isroil Nasrullohning ehtimoliy vorisi o‘ldirilganini tasdiqladi

Olam

image

Isroil Mudofaa kuchlari Livandagi “Hizbulloh” guruhining sobiq yetakchisi Hasan Nasrullohning ehtimoliy vorisi Hoshim Safi ad-Din hamda “Hizbulloh” razvedkasi rahbari Ali Husayn Hazima o‘ldirilganini tasdiqladi. Bu haqda kecha, 22 oktyabr kuni Isroil Qurolli kuchlarining bayonoti e’lon qilindi.

Mudofaa vazirligiga ko‘ra, Isroil harbiy-havo kuchlari Dahiyadagi tinch aholi ob’ektlari ostida joylashgan “Hizbulloh”ning asosiy razvedka qarorgohiga zarba bergan. Hujum paytida shtab-kvartirada 25 dan ortiq “Hizbulloh” vakili bo‘lgan, jumladan, harakatning Suriyadagi razvedka shtabida havo ma’lumotlarini yig‘ish uchun mas’ul bo‘lgan Bilol Soib Aish ham ular orasida edi.

Ma’lumot uchun, Safi ad-Din ijroiya qo‘mita rahbari bo‘lib ishlagan va Isroil havo hujumida halok bo‘lgan guruhning sobiq rahbari Hasan Nasrullohning amakivachchasi hamda Eronning “Quds” kuchlari sobiq qo‘mondoni, AQSH havo hujumida o‘ldirilgan Qosim Sulaymoniyning kuyovi.

Hoshim Safi ad-Din 1964 yilda Livan janubidagi Dayr qonun an-Nahr shahrida tug‘ilgan. U Najaf va Qumda Nasrulloh bilan mashg‘ulot o‘tkazgan va 1982 yilda “Hizbulloh”ga asos solgan. 1994 yilda Safi ad-Din ijroiya qo‘mita rahbari bo‘lib, o‘sha paytga qadar butun guruhni boshqargan Nasrulloh o‘rnini egalladi.

Manbalarga ko‘ra, Nasrulloh o‘z amakivachchasini vafot etgan taqdirda 2008 yilda merosxo‘r etib tavsiya qilgani haqida ma’lumotlar bor.

“Al Arabiya” nashrining yozishicha, Safi ad-Din 30 yil davomida guruhning maxfiy ishlari bilan shug‘ullangan va umumiy strategiyani ishlab chiqishni Nasrullohga topshirgan. BBC Arabic aniqlik kiritishicha, u “Hizbulloh”ning siyosiy, ijtimoiy, madaniy va ma’rifiy faoliyatini nazorat qilishda ishtirok etgan. 2017 yilning may oyida AQSH va Saudiya Arabistoni Safi ad-Dinni terrorchilar ro‘yxatiga qo‘shgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 19 oktyabr kuni Livanning “Hizbulloh” harakati tomonidan uchirilgan dron Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning Tel-Aviv shimolidagi Keysariya shahridagi shaxsiy qarorgohiga borib urilgandi. Dron hujum qilgan paytda Netanyaxu qarorgohda bo‘lmagan, shuningdek, boshqa jarohat olganlar ham mavjud emas. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan postlarda ham mazkur hujumda zarar ko‘rgan binolardan biri Netanyaxuning uyining bir qismi ekani aytildi. 20 oktyabr kuni kechqurun Isroil havo kuchlari Livandagi “Al-Qard Al-Hassan” moliya-kredit uyushmasining bir qancha filiallariga hujum uyushtirdi. Yakshanba kuni berilgan zarbalarning aksariyati Bayrutning janubiy chekkasiga qaratilgan bo‘lib, mazkur hududda 11 ta ofis nishonga olingan. Qolgan vayronachilik harakatlari Baalbek, Beka vodiysi va mamlakat janubidagi Tirda sodir etilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil Hoshim Safi ad-Din Nasrulloh

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing