Isroil Nasrullohning ehtimoliy vorisini ham o‘ldirgani aytilmoqda
Olam
−
05 Oktabr
4924Kecha, 4 oktyabr kuni Isroil harbiy-havo kuchlari Bayrutning janubiy chekkasida zarbalar uyushtirgandan beri marhum “Hizbulloh” bosh kotibi Hasan Nasrullohning amakivachchasi va uning ehtimoliy vorisi deb atalgan Hoshim Safi ad-Din bilan aloqa uzilgan. Bu haqda Livan xavfsizlik kuchlariga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
“Al Arabiya” manbalariga tayanib, Safi ad-Din o‘zining yordamchilari, eronliklar va “Hizbulloh”ning dala qo‘mondonlari bilan birga bo‘lgan Bayrut janubidagi bunkerga berilgan zarbadan so‘ng vafot etganini yozmoqda.
“Axios” jurnalisti Barak Ravid ham Isroilning ikki rasmiy vakiliga tayanib, 4 oktyabr kuni Isroilning Bayrutga bergan havo hujumi nishoni Safi ad-Din bo‘lganini ma’lum qilgan.
Manbaga ko‘ra, Hoshim Safi ad-Din joylashgan “Hizbulloh” shtab-kvartirasiga 73 tonna portlovchi modda tashlangan. Isroil mudofaa kuchlari Livan poytaxti Bayrut markazidagi turarjoy binosidagi klinikaga ham hujum qildi. Aniqlik kiritilishicha, katta ehtimol bilan binoga dron uchib kelgan. Hujum oqibatida tibbiyot markazi butunlay vayron bo‘lgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Isroil AQSHga Eron yadroviy inshootlariga hujum qilmaslik bo‘yicha kafolat bermagan. Qayd etilishicha, Isroil 7 oktyabr kuni G‘azo sektoridagi kuchayish yilligidan Erondan raketa hujumlariga javob qaytarish uchun foydalanishni rejalashtiryaptimi yoki yo‘qligini aniq aytish mumkin emas.
1 oktyabrga o‘tar kechasi SAXAL Livanda quruqlikdagi operatsiyani boshladi. Shu bilan parallel ravishda mamlakat janubiy qismini havodan bombardimon qilish boshlandi. Isroil armiyasining hujumi “Hizbulloh” harakati rahbariyatining aksariyat qismini o‘ldirilgandan keyin Tel-Avivning harbiy amaliyotlarida yangi bosqichni boshlab berdi.
Eslatib o‘tamiz, 28 sentyabr kuni “Hizbulloh” yetakchisi Hasan Nasrulloh Isroilning Bayrut chekkasidagi guruhning yerosti qo‘mondonlik markaziga bergan aviazarbalari oqibatida o‘ldirilgani ma’lum bo‘lgan edi. Shundan so‘ng “Hizbulloh” guruhining Sho‘ro kengashi (asosiy boshqaruv organi) Hoshim Safi ad-Dinni tashkilotning yangi bosh kotibi etib saylagani haqida xabarlar tarqaldi. “Hizbulloh”ning o‘zi esa yangi bosh kotib tayinlanganini rad etdi va bu boradagi ishlari davom etayotganini bildirdi.
LiveBarchasi