Isroil Livanga bosqinning keyingi bosqichini boshladi
Olam
−
12 noyabr
3446Isroil Livanda quruqlik operatsiyasining ikkinchi bosqichini boshladi. Uning asosiy maqsadi “Hizbulloh” harakatining raketa qudratini yo‘q qilishdan iborat. Bu haqda Isroilning “Maariv” nashri xabar berdi.
“Janubiy Livanda quruqlik operatsiyasining ikkinchi bosqichi boshlandi. Operatsiyaning maqsadi “Hizbulloh” raketa qurollarini yo‘q qilish va tashkilotga qo‘shimcha bosim o‘tkazish”, deyiladi xabarda.
Nashrga ko‘ra, Isroil kuchlari nafaqat janubiy Livanda, balki Bayrut va Bekaa vodiysida ham “Hizbulloh” harakatining qurol-yarog‘ omborlarini yo‘q qilish bilan shug‘ullanmoqda. Bundan tashqari, o‘tgan oy davomida ”Hizbulloh” ham Isroilga qarshi qariyb 90 ta dron uchirgan va ularning aksariyati yo‘q qilingan.
Ma’lumot uchun, Isroil 1 oktyabrdan buyon janubiy Livanda “Hizbulloh” kuchlariga qarshi yerusti operatsiyasini olib bormoqda va qo‘shni davlatda havo bombardimonlarini davom ettirmoqda. Oqibatda tinch aholi vakillari va “Hizbulloh” yetakchilari halok bo‘lgan, milliondan ortiq odam qochqinga aylangan. Qo‘mondonlik tarkibidagi yo‘qotishlarga qaramay, "Hizbulloh" quruqlikdagi janglarni olib bormoqda va Isroil hududini raketa bilan o‘qqa tutishni davom ettirmoqda.
Isroilda harbiy kampaniyaning asosiy maqsadi sifatida "Hizbulloh" tomonidan bir yil avval Falastin harakati HAMASni qo‘llab-quvvatlash maqsadida boshlagan bombardimonlar sababli evakuatsiya qilingan shimoldagi 60 ming aholining uylariga qaytishi uchun sharoit yaratish ko‘rsatilmoqda.
LiveBarchasi