Isroil Livan askarlari bilan jangda jiddiy qarshilikka uchradi
Olam
−
12 Oktabr
12228Isroil Livanda quruqlikdagi operatsiyasini boshlaganidan beri kamida 14 askarini yo‘qotdi va 100 dan ortig‘i yaralandi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Isroil yaqinda “Hizbulloh”ning deyarli butun rahbariyatini, shu jumladan, uzoq muddat yetakchilik qilgan Hasan Nasrullohni yo‘q qilgan bo‘lishiga qaramay, ularning qarshiligi ko‘pchilikni hayratda qoldirmoqda.
Shu bilan birga, “Hizbulloh” muntazam ravishda Isroilga raketalar uchirishda davom etmoqda. Isroilning havo mudofaa tizimlari ularning ko‘pchiligini to‘xtatgan bo‘lsa ham, ba’zilari o‘tib ketyapti. Xususan, 10 oktyabr kuni Kiryat Shmona shahriga raketa zarbasi oqibatida ikki Isroil fuqarosi halok bo‘lgan.
Livan janubida jang qilayotgan bir nechta Isroil askarlari “dushman” yaxshi biladigan ochiq, tog‘li hududda amaliyot olib borish qiyin bo‘layotganini ma’lum qilgan. Bir askar oktyabrdan martgacha va iyul-avgust oylarida G‘azoda xizmatda bo‘lganini va hozirda Livan janubida jang qilayotganini, bu urush esa G‘azoda ko‘rgan urushidan tubdan farqlanishini ta’kidlagan.
“Muammo “Hizbulloh”ning Eron tomonidan yaxshiroq jihozlangani yoki yaxshiroq tayyorlanganida emas. Muammo shundaki, shahar hududlaridagi jangdan ochiq hududlardagi jangga moslashish qiyin. Eng oddiy manyovrlar, jumladan, askarlarning safda harakatlanishi ham butunlay boshqacha bo‘ladi”, deydi u.
Qog‘ozda Isroil armiyasi “Hizbulloh” askarlariga qaraganda ancha kuchliroq. Uning zamonaviy va murakkab qurollari, ancha ko‘p askarlari, kuchli razvedkasi va ishonchli ittifoqchilari bor. Biroq, CNN bilan suhbatlashgan harbiyga ko‘ra, Livanning janubiy tog‘larida olib borilayotgan janglarda bu ustunliklar ko‘p narsani anglatmaydi, chunki u hududda yuqori darajadagi qurol-aslaha kamroq ahamiyat kasb etadi.
Xavfsizlik bo‘yicha ekspert Sobelman 2006 yilda “Hizbulloh” bilan bo‘lgan urushda Isroil shunga o‘xshash tajribani boshdan kechirgani haqida so‘z yuritdi.
“Har kuni yuzlab Isroil havo hujumlari, artilleriya va zamonaviy armiyaning barcha imkoniyatlarini ishga solganiga qaramay, “Hizbulloh” mag‘lubiyatga uchramadi. Ular omon qoldi va Isroil hujumlari paytida ular har kuni qarshi tomonga yuzlab raketalar uchirishni davom ettirdi”, dedi u.
Sobelmanning aytishicha, 2006 yildagi muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng Isroil “Hizbulloh” bilan navbatdagi to‘qnashuvga deyarli yigirma yil tayyorgarlik ko‘rgan.
“Taxmin shunday ediki, keyingi urush “Hizbulloh” bilan bo‘ladi, HAMAS bilan emas. Hech kim 7 oktyabrdagi kabi ssenariyni tasavvur qilmagan. Buning o‘rniga, Isroil oxirgi bir necha hafta davomida ko‘rganimiz urushga tayyorlagan edi. Xususan, razvedka “Hizbulloh” ma’lumotlarini qanchalik chuqur o‘rganib chiqqanini ko‘rish hayratlanarli”, deydi Sobelman.
Isroil “Hizbulloh”ning bir necha yuqori martabali rahbarlarini o‘ldirib, oddiy a’zolariga katta zarar yetkazishga muvaffaq bo‘lgani va tinimsiz havo hujumlari tinch aholi orasida ham qurbonlarga olib kelganiga qaramasdan, ular Livan janubida katta qarshilikka duch kelmoqda.
Chunki, "Hizbulloh" ham bu urushga tayyorgarlik ko‘rgan.
“Isroil bu urushni katta yo‘qotishlarsiz yutadi, degan taxmin bor. Ammo partizanlar urushida bu hech qachon amalga oshmaydi. Isroil o‘ziga qaraganda bu hududni yaxshiroq biladigan va imkon qadar ko‘proq isroillik askarlarini yo‘q qilishni maqsad qilgan dushman bilan jang qilmoqda”, deydi Sobelman.
Unga ko‘ra, “Hizbulloh” askarlari yerosti inshootlarida o‘rnashib olgan va mudofaa taktikasida harakat qilmoqda.
“Siz ularning qancha askarini o‘ldirmang, partizan urushida kuchsiz tomon davomiy yo‘qotishlar keltirib, oxir-oqibat g‘alaba qozonadi”, deydi u.
Sobelmanning qo‘shimcha qilishicha, 2006 yilda ham xuddi shunday bo‘lgan. Isroil o‘zining to‘liq kuch-qudratiga qaramay, hal qiluvchi g‘alabaga erishmagan.
Isroil harbiylarining Livanda qanday halok bo‘lgani haqida aniq ma’lumotlar berilmagan bo‘lsa-da, “Hizbulloh” bir necha bor Isroil askarlarini muvaffaqiyatli pistirmaga tushirgani, ulardan bir nechtasini o‘ldirgani va jarohatlaganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Hizbulloh” kuchlari Odayscye qishlog‘iga kirishga uringan Isroil piyoda kuchlari bilan to‘qnashgani va ularga talafot yetkazib, chekinishga majbur etgani xabar qilingan edi.
LiveBarchasi