Isroil kuchlari Falastindagi qochqinlar lageriga bostirib kirdi
Olam
−
03 iyul 2023
4733Bugun, 3 iyul kuni ertalab 200 dan ortiq zirhli texnika, jumladan, bronetransportyorlar va tanklar Isroil kuchlarining maxsus harbiy amaliyoti doirasida Jenin shahri va shu nomdagi Falastin qochqinlari lageriga yaqin hududga bostirib kirdi. Bu haqda “Al Arabiya” telekanali xabar berdi.
Aytilishicha, 3 iyulga o‘tar kechasi Isroil qurolli kuchlari Jenin va uning atrofidagi falastinlik qochqinlar lageriga raketa zarbalarini bergan. Oradan ko‘p o‘tmay, isroillik harbiylar Jenin shahriga kirib, lagerni o‘rab olgan, elektr energiyasini uzib, unga olib boradigan yo‘llarni kesib tashlagan. Jarohatlanganlar uchun tez yordam mashinalari lagerga kiritilmagan. Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil qo‘shinlari boshlagan maxsus operatsiya oqibatida besh falastinlik halok bo‘lgan, kamida 30 kishi yaralangan.
Falastin Tashqi ishlar vazirligi Jenin va uning atrofidagi harbiy amaliyot oqibatlari uchun Isroil rasmiylarini javobgar, deb hisoblashini bildirgan. Tashqi ishlar vazirligi jahon hamjamiyatini Jenindagi keskinlikning kuchayishini zudlik bilan to‘xtatish choralarini ko‘rishga, Xalqaro jinoiy sudni esa jimlikni to‘xtatishga va isroillik harbiy jinoyatchilarni javobgarlikka tortishga chaqirgan.
Misr Tashqi ishlar vazirligi esa xalqaro kuchlarni Isroil rasmiylari tomonidan qonunbuzarliklarga chek qo‘yish uchun vaziyatga zudlik bilan aralashishga chaqirgan. Xuddi shunday bayonot Iordaniya Tashqi ishlar vazirligi tomonidan ham chiqarilgan.