Isroil Xomanaiyga Saddam Husaynning taqdirini eslatdi (video)

Olam

image

Isroil Mudofaa vaziri Isroil Kats Eron Oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiyga Iroq sobiq prezidenti Saddam Husaynning taqdirini eslatib, tahdid qildi. Bu haqda u bugun, 17 iyun kuni ertalab Bosh shtab boshlig‘i va qo‘mondonlar bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda so‘z ochdi.

Qayd etilishicha, u Bosh shtab boshlig‘i general-leytenant Eyal Zamir, Mudofaa vazirligi bosh direktori (zaxiradagi) general-mayor Amir Baram, SAXAL Harbiy razvedka boshqarmasi rahbari general-mayor Oded Basyuk, Razvedka boshqarmasi boshlig‘i general-mayor Shlomi Binder, SAXAL Strategik qo‘mondonligi boshlig‘i general-mayor Eyal Harel, Strategik qo‘mondonlik qo‘mondoni general-mayor Rafi Milo, shuningdek, Harbiy havo kuchlari, “Mossad”, SHABAK va boshqa qo‘mondonlar bilan vaziyatga doir baholash yig‘ilishini o‘tkazgan. 

“Men Eronning zolim rahbarini (Xomanaiy) urush jinoyatlarini sodir etishni va Isroil fuqarolarini o‘qqa tutishni davom ettirishdan ogohlantiraman. U Eron bilan qo‘shni davlatda (Iroq) yashagan va Isroilga qarshi shu yo‘lga kirgan diktatorning taqdirini esga olishi lozim… Isroilning uzun qo‘li har qanday dushmanga, u qayerda bo‘lmasin yetib boraveradi”, dedi Mudofaa vaziri Isroil Kats.

Bu bilan u Iroq sobiq prezidenti Saddam Husaynning taqdiriga shama qilgan. Shuningdek, u Tehron aholisini Isroil armiyasi vakili ko‘rsatmalariga amal qilishga va xavfsizlik nuqtai nazaridan Isroil zarba berayotgan hududlarni tark etishga chaqirgan.

Ma’lumot uchun, Saddam Husayn (1979-2003 yillarda hokimiyatda bo‘lgan) Isroilning ashaddiy dushmani edi. Nutqlaridan birida u sionizmni butunlay “yo‘q qilib yuborishga” qodirligini aytgan. 2003 yil aprel oyida AQSH boshchiligidagi xalqaro koalitsiya Iroqqa bostirib kirib, Saddam Husayn rejimini ag‘dargan. Bosqin uchun asos sifatida Iroq yetakchisi xalqaro terrorizmni qo‘llab-quvvatlagani va ommaviy qirg‘in qurollarini ishlab chiqayotgani haqidagi ayblovlar ko‘rsatilgan. Keyinchalik, 1991 yilgacha bo‘lgan davrda ishlab chiqarilgan kimyoviy qurollar snaryadlari topilgan. Saddam Husayn AQSH qo‘shinlari tomonidan qo‘lga olingan va Iroq Oliy tribunali hukmi bilan 2006 yil 30 dekabr kuni qatl etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Amerikaning ABC News telekanaliga bergan intervyusida agar Oyatulloh Ali Xomanaiy o‘ldirilsa, bu Eron va Isroil o‘rtasidagi ziddiyatni kuchaytirmasligini, balki bu mojaroga barham berishini aytgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Isroil Saddam Husayn Xomanaiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing