Isroil gumanitar yordam kutayotgan falastinliklarga zarba berdi. Yuzdan ortiq odam halok bo‘ldi

Olam

image

Kecha, 29 fevral kuni G‘azo shahri janubi-g‘arbida oziq-ovqat yordamini kutayotgan yuzdan ortiq falastinlik Isroil hujumi oqibatida halok bo‘ldi. Bu haqda mahalliy sog‘liqni saqlash rasmiylariga tayanib, “Al Jazeera” xabar berdi.

G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, zarbalar oqibatida kamida 104 kishi halok bo‘lgan, 750 dan ortiq kishi jarohatlangan.

Odamlar un tashuvchi yuk mashinalari ketayotgani taxmin qilingan Al-Rashid ko‘chasida to‘plangan. “Al Jazeera” o‘nlab halok bo‘lganlarning jasadlari va yaralangan falastinliklar tez yordam mashinalari hududga yetib bora olmagani uchun boshqa transport vositalariga ortilganini ko‘rsatuvchi videolavhalarni namoyish etdi.

“Biz un olishga bordik. Isroil armiyasi bizga qarata o‘q uzdi”, deydi voqea guvohlaridan biri.

Guvohlarning aytishicha, Isroil hujumlarida yarador va o‘liklarni olib ketayotgan tibbiy guruhlar va tinch aholi ham nishonga olingan.

G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi voizi Ashraf al-Qudraning bildirishicha, halok bo‘lganlar va yaradorlar G‘azo shahridagi shifoxonalarga yetkazilgan.

"Tibbiy guruhlar cheklangan resurslar bilan jiddiy holatlar bilan shug‘ullanishda davom etmoqda", deydi u.

 O‘z navbatida, G‘azo hukumati Isroilning G‘azo shahrida tinch aholiga uyushtirgan hujumini “qasddan va oldindan rejalashtirilgan” deb atadi.

“Bosqinchi armiya bu odamlarning mintaqaga gumanitar yordam uchun kelganini bilar edi, biroq ularni sovuqqonlik bilan o‘ldirdi”, deyiladi xabarda.

Biroq Isroil tomoni voqealarning boshqacha versiyasini taqdim etmoqda. Isroil tomoniga ko‘ra, gumanitar yordam tarqatish vaqtida yuz bergan tiqilinch oqibatida o‘nlab g‘azoliklar halok bo‘lgan.

“Erta tongda gumanitar yordam yuk mashinalari G‘azo sektori shimoliga kirib kelganida, aholi yuk mashinalarini o‘rab olib, yetkazib berilayotgan yuklarni talon-toroj qilishgan”, deyiladi SAXALning rasmiy Telegram-kanalida e’lon qilingan bayonotda.

Biroz vaqt o‘tgach, SAXAL hodisaning havodan olingan videosini e’lon qildi.

Isroil Bosh vaziri devoni matbuot kotibi Avi Xayman voqeani fojia deb atadi. Uning iddaosicha, tinch aholining o‘limiga aybdorlar olomon orasiga borgan yuk mashinasi haydovchilaridir.

"Bir vaqtning o‘zida yuk mashinalari haddan tashqari yuk ortilgan va yuk mashinalarini boshqarayotgan odamlar – G‘azo sektoridan kelgan fuqaro haydovchilar – olomonni haydab ketishgan va oxir-oqibat o‘nlab odamlarning o‘limiga sabab bo‘lgan”, deydi Xayman.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hodisa yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.

Ma’lumot uchun, Isroil armiyasi 146 kundan beri G‘azo sektoridagi hujumlarini davom ettirib, tinch aholi punktlari, shifoxonalar, maktablar va ko‘chirilgan falastinliklar yashaydigan boshpanalarni nishonga olib kelmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil gumanitar yordam G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing