Isroil Golan tepaligida aholi punktlarini kengaytiradi
Olam
−
16 dekabr 2024
3390Isroil Suriya yangi hukumatining mo‘tadil siyosatiga qaramay, tahdidlar ehtimoli borligini bahona qilib, Golan tepaliklarida aholi punktlarini kengaytirishini e’lon qildi. Bu haqda “Reuters” nashri xabar berdi.
“Golanni mustahkamlash Isroil davlatini mustahkamlashdir va bu ayni paytda ayniqsa muhim. Biz uni ushlab qolishga harakat qilamiz va unda joylashishda davom etamiz" deydi Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu.
Netanyaxu idorasining ma’lum qilishicha, hukumat Golandagi demografik o‘sishni rag‘batlantirish uchun 40 million shekeldan (11 million dollar) ortiq mablag‘ ajratish to‘g‘risidagi loyihani bir ovozdan ma’qullagan.
“Biz Suriya bilan mojarodan manfaatdor emasmiz. Isroilning Suriyadagi harakatlari Suriyadan kelayotgan potensial tahdidlarni bartaraf etish va chegaramiz yaqinida Suriya harbiylari egallab olinishini oldini olishdir”, deya qo‘shimcha qildi Netanyaxu.
Saudiya Arabistoni, Qatar va Birlashgan Arab Amirliklari Isroilning qarorini qoralagan va 2020 yilda Isroil bilan munosabatlarni normallashtirgan BAA buni “bosqinni kengaytirishga uchun qasddan qilingan harakat” deb ta’riflagan.
Ma’lumot uchun, Isroil 1967 yilgi Olti kunlik urushda Suriyadan ushbu strategik hududning katta qismini egallab, 1981 yilda uni anneksiya qilib olgandi. Shundan keyin 2019 yil o‘sha paytdagi AQSH prezidenti Donald Tramp AQSHning Golan ustidan Isroil suverenitetini qo‘llab-quvvatlashini e’lon qilgan, biroq bu anneksiya ko‘pchilik davlatlar tomonidan tan olinmagandi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 15 dekabr kuni Isroil havo kuchlari Suriya poytaxti Damashq, shuningdek, Homs va Dara shaharlariga havo hujumlarini amalga oshirgandi.
Diyorjon Quvondiqov
LiveBarchasi