Isroil G‘azoga yordam olib ketayotgan BMT karvonini o‘qqa tutdi
Olam
−
05 fevral
6547Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yaqin Sharqdagi Falastinlik qochqinlarga yordam va ishlar agentligi (UNRWA) olib ketayotgan insonparvarlik oziq-ovqat karvoni Isroil dengiz kuchlari tomonidan o‘qqa tutildi. Bu haqda UNRWA’ning Falastin anklavidagi ishlari bo‘yicha direktori Tomas Uayt X (sobiq Twitter)dagi sahifasida ma’lum qildi.
“Bugun ertalab G‘azo sektori shimoliga jo‘nab ketishni kutayotgan oziq-ovqat karvoni Isroil harbiy-dengiz kuchlari tomonidan o‘qqa tutildi, xayriyatki, hech kim jabrlanmadi”, deydi Uayt.
O‘z navbatida, UNRWA anklavning barcha qismlariga xavfsiz kirishni ta’minlashga chaqirdi.
"Biz o‘t oshish ostida gumanitar yordam yetkaza olmaymiz. Xavfsiz va barqaror insonparvarlik yordami hamma joyda, jumladan, G‘azo shimolida ham zudlik bilan zarur", deyiladi agentlik bayonotida.
Qayd etish joizki, yanvar oyi oxirida Isroil BMTning 12 xodimini 2023 yil oktyabr oyidagi HAMASning hujumiga bevosita aloqadorlikda ayblagandi. UNRWA bu ayblovdan so‘ng bir necha xodimlarni tergov qilganini aytdi. Agentlik bosh komissari Filippe Lazzarinining so‘zlariga ko‘ra, Isroilga hujumlarga aloqadorlikda gumon qilinganlar allaqachon ishdan bo‘shatilgan.
O‘tgan hafta BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish UNRWA G‘azo sektori aholisiga yordam ko‘rsatishda katta rol o‘ynashi, shuning uchun agentlik ishi kafolatlanishi kerakligini aytdi.
Biroq, Isroilning ayblovidan so‘ng AQSH, Germaniya, Avstraliya, Buyuk Britaniya, Italiya, Kanada, Niderlandiya, Finlyandiya, Yaponiya va Avstriya UNRWA’ga mablag‘ ajratish to‘xtatilganini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 4 fevral kuni Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy komissari Josep Borrel UNRWA’ni moliyalashtirishni to‘xtatish "jamoaviy jazoga teng" bo‘lishini aytgandi.
LiveBarchasi