Isroil G‘azodan aholini chiqarish uchun “zona” tashkil qildi

Olam

image

Isroil Mudofaa armiyasi (SAXAL) G‘azo shahrida kengayib borayotgan quruqlikdagi operatsiyalar fonida aholiga Xon-Yunisdagi “gumanitar zona”ga ko‘chishni tavsiya qildi. Bu haqdagi e’lon bugun, 6 sentyabr kuni armiyaning Telegram sahifasida joylashtirildi.

Mazkur hududda dala gospitalari, suv tarmoqlari va tuzdan tozalash inshootlari joylashtirilgani aytilgan. U yer oziq-ovqat, chodir, dori-darmon va tibbiy jihozlar bilan ta’minlanadi. Bularning barchasi Isroil Mudofaa vazirligi tarkibidagi COGAT (okupatsiya qilingan hududlarda hukumat faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi) va xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlikda amalga oshirilishi ma’lum qilingan. 

“G‘azo shahrida va uning atrofida yashovchi barcha aholiga mazkur hududga o‘tish tavsiya qilinadi. Darhol gumanitar zonaga boring va allaqachon bu yerga ko‘chgan minglab insonlarga qo‘shiling”, deyiladi rasmiy xabarda. 

BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, G‘azo shahri va uning yaqin hududlarida qariyb 1 million odam istiqomat qiladi. Bu esa barcha odamlarning ushbu “gumanitar zona”ga o‘tolmasligini anglatadi. 

G‘azoda 2023 yilning 7 oktyabr kunidan beri haligacha tinchlik yo‘q. Xalqaro tashkilotlar ushbu ikki yil mobaynida Isroilni “tiyib qo‘yish” haqida gapiradi-yu, lekin amaliy natijalar ko‘zga ko‘rinmayapti. Ko‘plar Isroil tashkil qilgan “gumanitar zona”larni ham tuzoq bo‘lishi mumkin deya o‘ylamoqda. 

G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, harbiy amaliyotlar oqibatida 63 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, 161 mingdan ortiq kishi jarohatlangan. Bundan tashqari, 367 nafar mahalliy aholi, jumladan, 131 nafar bola ochlikdan vafot etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq SAXAL G‘azo shahri hududining 40 foizi ustidan nazorat o‘rnatgani haqida xabar berilgandi. Isroil tinch aholini o‘z xavfsizligi uchun G‘azodan evakuatsiya qilishga chaqirdi. Isroil tomoniga ko‘ra, 70 ming kishi allaqachon shaharni tark etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil G'azo TsAXAL gumanitar zona Xon-Yunis

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing