Isroil G‘azoda taqiqlangan qurollardan foydalangan – BMT vakili

Olam

image

BMTning bosib olingan Falastin hududlaridagi inson huquqlari bo‘yicha maxsus vakili Francheska Albaneze G‘azo sektorida genotsid sodir etilyapti, deb hisoblaydi. Bu haqda u Ispaniyaning “El Pais” gazetasiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

“Men Janubiy Afrikaning Xalqaro suddagi profilaktik choralar ko‘rish haqidagi qarorini qo‘llab-quvvatlayman, chunki men G‘azoda genotsid sodir etilishi ehtimoli yuqori deb hisoblayman. Uch oylik bombalash oqibatlariga qarang. G‘azo kabi aholi zich joylashgan hududlarda ishlatilmasligi kerak bo‘lgan, taqiqlangan qurollardan foydalanildi", deydi u.

"Janubiy Afrikaning Isroilga qarshi ishi muvaffaqiyat qozonishi mumkinmi?" degan savolga, Albaneze shunday javob bergan: 

“Texnik jihatdan men "ha" deb aytardim, chunki ular vaqtinchalik choralar ko‘rishni, shu jumladan, o‘t ochishni to‘xtatishni talab qilmoqda. Keyin sud Janubiy Afrikada to‘liq hujjatlashtirilgan genotsid niyati bilan o‘ldirish, halokat va azob-uqubatlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni tahlil qilish uchun vaqt sarflashi kerak bo‘ladi. Lekin siyosiy omillar ham bor. Biz insonmiz va yashayotgan muhitimiz bizga ta’sir qiladi. Sudyalar G‘azoga bormaydi va tergovchilarni yubormaydi. G‘arbda esa Isroilning harakatlari o‘zini himoya qilish ekani haqidagi versiya tarqalishda va kuchayishda davom etmoqda”, deydi Francheska Albaneze.

Ma’lumot uchun, Janubiy Afrika hukumati tomonidan Gaagadagi Xalqaro sudga Isroil tomonidan Genotsid jinoyatining oldini olish va jazolash to‘g‘risidagi konvensiyani ehtimoliy buzganligi munosabati bilan da’vo kiritilgan. Hujjatda ta’kidlanishicha, Isroilning G‘azo sektoridagi harakatlari genotsid sifatida tavsiflanishi mumkin, chunki "G‘azodagi falastinliklarni kengroq Falastin milliy, irqiy va etnik guruhining bir qismi sifatida yo‘q qilish" aniq maqsadda amalga oshirilmoqda. Janubiy Afrika tomoni Isroil konvensiya bo‘yicha o‘z majburiyatlarini buzayotgani va G‘azo sektoridagi barcha harbiy harakatlarni to‘xtatib, tovon puli to‘lashi kerakligi haqidagi sud qarorini talab qilmoqda.

Isroil tomoni bu ayblovlarni rad etib, Janubiy Afrikaning pozitsiyasini ikkiyuzlamachilik deb atadi va sud majlisida ishni ko‘rib chiqishdan olib tashlashni so‘radi. Isroil Tashqi ishlar vaziri Israel Kats Janubiy Afrikaning o‘zi Isroilda terrorchi tashkilot hisoblangan va G‘azoda harbiy operatsiya olib borilayotgan HAMASni qo‘llab-quvvatlab, genotsid konvensiyasini buzmoqda, degan fikrni bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

genotsid BMT Falastin Isroil Janubiy Afrika G'azo Xalqaro sud Francheska Al'baneze

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing