Isroil G‘azoda harbiy harakatlarni 10 kun ichida qayta boshlashi mumkin – OAV
Olam
−
04 mart 2025 5094 2 daqiqa
Isroil Falastinning HAMAS harakati barcha garovga olinganlarni ozod qilish bilan bog‘liq sulh shartnomasining ikkinchi bosqichiga o‘tishga rozi bo‘lmasa, 10 kun ichida G‘azo sektorida harbiy harakatlarni qayta boshlashi mumkin. Bu haqda “The Jerusalem Post” gazetasi xabar berdi.
AQSHning Yaqin Sharq bo‘yicha elchisi Stiv Uitkoff rejasiga ko‘ra, sulh davomida garovga olinganlarning va halok bo‘lganlarning yarmi ozod qilinishi kerak. Qolgan garovdagilar va jasadlar sulhning 42-kunida qaytariladi.
Biroq ba’zi manbalar HAMAS taklifni butunlay rad etmaganini aytmoqda.
“HAMAS Uitkoff taklifini na qabul qildi, na rad etdi”, deydi muzokaralarga yaqin manba.
Nashrga ko‘ra, agar yaqin kunlarda garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha kelishuvga erishilmasa, Isroil HAMASga qarshi harakatlarini kuchaytiradi. Joriy yilning 2 mart kuni qabul qilingan qarorga ko‘ra, Isroil G‘azoga gumanitar yordamni to‘xtatgan. Endi esa suv va elektr energiyasini butunlay uzib qo‘yish hamda jangovar harakatlarni qayta boshlash rejalarini ko‘rib chiqmoqda.
Kecha, 3 mart kuni Isroil Mudofaa vaziri Isroil Kats mediatorlar iltimosiga binoan muzokaralar uchun yana bir necha kun imkon berishga rozi bo‘lganini aytdi.
“Agar HAMAS garovdagilarni tez orada ozod qilmasa, G‘azo eshiklari yopiladi va “do‘zax eshiklari” ochiladi – biz jangga qaytamiz va ular ilgari hech qachon duch kelmagan Isroil mudofaa kuchlari va usullari bilan to‘qnash keladi”, deydi Kats.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil garovga olinganlar bo‘yicha kelishuvning ikkinchi bosqichiga o‘tishdan bosh tortgandi. Xususan, joriy yilning 27 fevral kuni Misr poytaxti Qohirada Amerika tomoni vakillari, Qatar va Isroilning ikki delegatsiyasi ishtirokida G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarni yakunlash bo‘yicha muzokara bo‘lib o‘tgan. Falastin tomoni muzokaralar muvaffaqiyatsizlikka uchragani va vositachilar Isroilni ikkinchi bosqichga o‘tishga ko‘ndira olmaganini ma’lum qilgan.
Live
Barchasi