Isroil G‘azo sektorida gumanitar qonunlarni buzmagan – AQSH
Olam
−
26 mart
3072AQSH Davlat departamenti matbuot kotibi Metyu Miller Vashington G‘azo sektorida Isroil tomonidan xalqaro insonparvarlik qonunlari buzilgani haqida hech qanday dalil ko‘rmayotganini da’vo qildi. Bu haqda “The Washington Post” xabar berdi.
“Biz insonparvarlik yordamini yetkazib berishda xalqaro gumanitar huquq buzilishi holatlarini aniqlamadik”, deydi Metyu Miller.
Uning aniqlik kiritishicha, hukumat 8 maygacha Milliy xavfsizlik memorandumi-20 (NSM-20) deb nomlanuvchi direktivaga muvofiq Kongressga hisobot taqdim etadi.
Uning aytishicha, Prezident Jo Bayden ma’muriyati fevral oyida AQSH harbiy yordamini oluvchi davlatlardan xalqaro huquqqa rioya qilishlari uchun “mustahkam va ishonchli” kafolatlar berishni talab qiluvchi ko‘rsatmalar bergan.
Davlat departamenti Isroildan tashqari yana olti davlat – Kolumbiya, Iroq, Keniya, Nigeriya, Somali va Ukraina bunday kafolatlar berganini tasdiqladi.
"Har bir holatda ham bu kafolatlar hamkor mamlakatdagi ishonchli, yuqori martabali hukumat amaldori tomonidan berilgan", deydi Miller.
Ma’lumot uchun, Isroil armiyasining 2023 yil 7 oktyabrdan buyon G‘azo sektoriga uyushtirgan hujumlari, odamlarni och va suvsiz qoldirishi oqibatida qurbon bo‘lgan falastinliklar soni 32 mingdan oshdi.
LiveBarchasi