Isroil G‘azo markazida harbiy bazalar qurmoqda – NYT
Olam
−
02 dekabr
3388So‘nggi oylarda Isroil G‘azo sektorida 600 dan ortiq binolarni buzib tashlab, bufer zonasi yaratdi va harbiy bazalar tarmog‘ini kengaytirdi. Bu haqda sun’iy yo‘ldosh suratlari va videomateriallar tahliliga asoslanib, “The New York Times” nashri xabar berdi.
“Isroil so‘nggi oylarda G‘azoning markazida o‘z harbiy bazalarini mustahkamlash va binolarni buzib tashlash orqali hududdagi mavjudligini kuchaytirmoqda. Tahlilchilarga ko‘ra, bu Isroilning ushbu hududda uzoq muddatli nazoratni o‘rnatishga tayyorlanayotganidan dalolat beradi”, deyiladi xabarda.
Nashrning yozishicha, urushning dastlabki oylaridayoq Isroil G‘azo sektorini ikki qismga ajratuvchi “Netsarim yo‘lagi” ustidan nazorat o‘rnatgan. Bu hudud asta-sekin Isroil tomonidan boshqariladigan 47 kvadrat kilometr maydonga ega zonaga aylangan.
Isroil ushbu kengayish harbiy zarurat bilan bog‘liq ekanini ma’lum qilgan. Ammo mazkur hudud mamlakatning G‘azo sektorini to‘liq nazoratga qaytarishi ehtimoli yuzaga kelgan taqdirda xavfsizlikni ta’minlash uchun ham xizmat qilishi mumkinligi qayd etilgan.
Nashrga ko‘ra, G‘azo sektorida yahudiy davlati 19 ta yirik va o‘nlab kichik harbiy bazalar tashkil etgan. Bu bazalar asfaltlangan va qo‘rg‘onlar bilan o‘ralgan bo‘lib, ularning hududida kazarmalar, zirhli texnika uchun maydonchalar, transport yo‘llari va mudofaa tizimlari mavjud.
Shu bilan birga, Isroil hukumatidagi ayrim vazirlar G‘azo sektorini qayta anneksiya qilishni taklif qilmoqda, ammo Bosh vazir Binyamin Netanyaxu hozircha bu g‘oyani rad etmoqda.
AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati esa Isroilning G‘azo sektorida uzoq muddatli nazorat o‘rnatishiga qarshi ekanligini bildirgan. Shuningdek, AQSHda prezidentlikka saylangan Donald Tramp Isroilni urushni tugatishga chaqirgan, ammo u G‘azo urushi yakuniga oid aniq shartlarni aytib o‘tmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Jo Bayden AQSH va Isroil vositachi davlatlar – Misr, Qatar va Turkiya bilan birgalikda yaqin kunlarda G‘azo sektorida sulhga erishishga harakat qilishini bildirgan edi.
LiveBarchasi