Isroil G‘azo bilan chegarada bufer zona qurmoqda – OAV
Olam
−
30 mart
3743Isroil mudofaa kuchlari G‘azo sektori bilan chegarada anklav hududining taxminan 16 foizini egallashi mumkin bo‘lgan xavfsizlik bufer zonasini yaratmoqda. Bu haqda Isroilning “Haaretz” gazetasi xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, chegara bo‘ylab bufer chizig‘ining kengligi 1 km atrofida bo‘ladi. Gazeta keltirgan sun’iy yo‘ldosh tasvirlari tahlilida ushbu zonadagi barcha binolar vayron qilinayotgani ta’kidlangan.
Bundan tashqari, gazeta Isroil G‘azo sektorini ikki qismga – shimoliy va janubiy qismlarga bo‘lishni rejalashtirayotganini da’vo qilmoqda. Ushbu maqsadlar uchun Isroil kuchlari yana bir maxsus bufer chizig‘ini – sektorni g‘arbdan sharqqa kesib o‘tuvchi va aholi harakatini nazorat qilish imkonini beruvchi Netzarim koridorini yaratmoqda. Ayni paytda chegara bo‘ylab bufer zona yaratilishi hisobga olingan holda G‘azo sektorining kengligi bor-yo‘g‘i 5,5 km bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, HAMAS rasmiylari 25 mart kuni otashkesim ustida ishlayotgan muzokarachilarga ularning taklifi o‘zgarishsiz qolishini bildirgan. Bu shartlarga esa Isroilning G‘azo sektoridan to‘liq chiqib ketishi va Falastin anklavida garovga olinganlarni Isroil hibsxonasida saqlanayotgan mahbuslarga almashtirish kiradi.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu esa HAMASni yo‘q qilish kampaniyasini davom ettirishga va’da berdi.
“Isroil HAMASning yolg‘onchi talablariga bo‘ysunmaydi va urushning barcha maqsadlari (o‘g‘irlanganlarni ozod qilish, HAMASning harbiy va boshqaruv imkoniyatlarini yo‘q qilish, G‘azo bundan keyin Isroilga tahdid solmasligini ta’minlash)ga erishish uchun harakat qilishda davom etadi”, deydi Netanyaxu.
LiveBarchasi