Isroil G‘arbiy Sohildagi to‘rt shaharda keng ko‘lamli operatsiya boshladi

Olam

image

Isroil xavfsizlik kuchlari bosib olingan G‘arbiy Sohil shimolida keng ko‘lamli operatsiya o‘tkazmoqda. Harbiy harakatlar Falastinning to‘rtta shahrida – Jenin, Tulkarm, Nablus va Tubasda kuzatilmoqda. Isroil harbiy amaliyoti oqibatida kamida 11 falastinlik halok bo‘lgan. Bu haqda Falastin rasmiylariga tayanib, BBC xabar berdi.

Al-Fara qochqinlar lageriga berilgan havo hujumida besh kishi, Jenindagi uchuvchisiz uchoq hujumi va qurolli to‘qnashuvlarda yana olti kishi halok bo‘lgan.

Falastin manbalariga ko‘ra, Jeninga olib boradigan asosiy yo‘llar to‘sib qo‘yilgan. Shaharda joylashgan qochqinlar lageri hududida qurolli to‘qnashuvlar davom etmoqda. Ma’lum qilinishicha, tong saharda Isroil aviatsiyasi Jenin yaqinidagi qishloqda avtomobilni urib yuborgan. Isroil askarlari Jenindagi shifoxonaga kirib, Tulkarmdagi ikki shifoxonani to‘sib qo‘ydi.

Xabar qilinishicha, Nablusdagi reydlar ikki qochqin lagerini nishonga olgan. Tubas yaqinidagi Far’a lagerida shifokorlarning aytishicha, tez yordam mashinalari Isroilning dron hujumidan so‘ng yaradorlarga yetib borishda qiynalmoqda.

Yahudiy davlati Tashqi ishlar vaziri Israel Katsning aytishicha, SAXAL kecha tundan boshlab Jenin va Tulkarm qochqinlar lagerlarida barpo etilgan infratuzilmani yo‘q qilish uchun to‘liq kuch bilan operatsiya boshlagan. Kats Eronni G‘arbiy Sohilda Isroilga qarshi yangi front ochishga intilayotganlikda aybladi.

“Biz G‘azodagi terrorchilik infratuzilmasiga, jumladan, Falastin aholisini vaqtincha evakuatsiya qilish va barcha zarur choralarga qanday munosabatda bo‘lsak, bu tahdid bilan ham kurashishimiz kerak”, deya qo‘shimcha qildi u.

Isroil armiyasi bayonotida bir qancha tafsilotlar keltirilmagan, ammo SAXAL, Shin Bet ichki xavfsizlik xizmati va Isroil chegara politsiyasi “hozirda Jenin va Tulkarmda aksilterror operatsiyasini o‘tkazayotgani” aytilgan.

Jeninga olib boruvchi faqat bitta yo‘l ochiq qolgan, qolgan barcha yo‘llar esa harbiylar tomonidan to‘sib qo‘yilgani aytiladi. Shaharga kiraverishda hech kimni kiritmaslik yoki tashqariga chiqarishga yo‘l qo‘ymaslik uchun nazorat punktlari o‘rnatilgan. Isroil qo‘shinlari mahalliy markaziy shifoxonani ham, qo‘shni Ibn Sino shifoxonasini ham qurshab oldi.

Voqea joyida bo‘lgan BBC xodimining aytishicha, shifoxonani tark etmoqchi bo‘lganlar isroillik harbiylarga shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni ko‘rsatishi va tintuv qilinishi kerak. Jenin shahrida joylashgan qochqinlar lagerida ham qidiruv ishlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil G'arbiy Sohil Jenin Nablus Tubas Tulkarm

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing