Isroil Eronning yadroviy inshootlariga zarba bermaydi – OAV
Olam
−
15 Oktabr
3752Isroil Eronga javob zarbasi berishda yadroviy yoki neft ob’ektlarini emas, balki harbiy ob’ektlarni nishonga oladi. Bu haqda Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu AQSH Prezidenti Jo Baydenga ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, ikki yetakchi o‘rtasida joriy yilning 9 oktyabr kuni telefon muloqoti bo‘lib o‘tgan. Isroilning faqat Eron harbiy ob’ektlariga hujum qilish rejasi Vashingtonda yengillik bilan kutib olingan.
Tahlilchilarga ko‘ra, Eron neft ob’ektlariga hujum dunyoda energiya narxlarining ko‘tarilishiga sabab bo‘lishi, yadroviy ob’ektlarga zarba esa vaziyatni yanada keskinlashtirib, AQSHni mojaroga tortishi mumkin. Shu xususida avvalroq Bayden Isroilni boshqa variantlarni o‘ylashga chaqirgandi.
Netanyaxuning birmuncha vazminroq pozitsiyasiga AQSH ularga THAAD raketaga qarshi mudofaa tizimini yuborish to‘g‘risidagi qarori sabab bo‘lishi mumkin. Pentagon 13 oktyabr kuni Isroilda THAAD batareyasi joylashtirilishi haqida ma’lum qildi. Isroilning Eronga hujumi 5 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan AQSH prezidentlik saylovlarigacha amalga oshirilishi mumkin.
“The Washington Post”ga ko‘ra, agar Isroil o‘z hududining keng miqyosli o‘qqa tutilishiga javob bermasa, Tehronda buni zaiflik belgisi sifatida talqin qilishlari mumkin.
Bundan tashqari, AQSH bilan maslahatlashuvlar davomida Isroil Livandagi harbiy operatsiyalarini yaqin haftalar ichida to‘xtatishini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, 1 oktyabr kuni kechqurun Eron Isroilga raketalar bilan zarba bergandi. Isroil armiyasi radiosi Erondan Isroilga 200 ga yaqin raketa uchirilganini aytdi. Isroil Eronga "og‘riqli javob" berishga va’da berdi.
LiveBarchasi