Isroil Eron yadro inshootlari yaqiniga zarba bergan – “Jerusalem Post”

Olam

image

Isroilning Eronga hujumi Eron havo kuchlarining Isfahon shahri yaqinidagi bazasiga, respublikaning yadroviy inshootlariga xavfli darajada yaqin joylashgan nishonlarga qarata amalga oshirilgan. Bu haqda Isroilning “The Jerusalem Post” gazetasi manbalarga tayanib xabar berdi.

Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, yahudiy davlatining harakatidan Tehronga quyidagi xabarni yetkazish maqsad qilingan:

"Biz bu safar sizning yadroviy ob’ektlaringizga hujum qilmaslikka qaror qildik, lekin jiddiyroq harakat qilishimiz mumkin edi".

Nashrning yozishicha, Isfahonga zarba “nafaqat zarar yetkazish maqsadida, balki Eronning yadroviy ob’ektlari hujumga qanchalik zaif ekanini yaqqol ko‘rsatish uchun” qilingan.

“Isroil Eron havo mudofaasi tomonidan aniqlanmaslik uchun uzoq masofali havo-yer raketalaridan foydalangan”, deya qo‘shimcha qildi gazeta.

“Financial Times” esa vaziyatdan xabardor shaxsga tayanib, Isroil 14 aprel kuni Eron yahudiy davlati tomon dronlar va raketalar uchirgan harbiy nishonga zarba berganini xabar qildi.

"Ba’zi nishonlar Suriya janubida ham urilgan. Geografik jihatdan bu Isroilning Eronning istalgan joyiga yetib borishi mumkinligini ko‘rsatadi", deydi nashr manbasi.

Eslatib o‘tamiz, Isroil hujumidan oldin Eron inqilobi qo‘riqchilari korpusining yadroviy mudofaa va xavfsizlik bo‘limi qo‘mondoni, general Ahmad Haqtalab Tehron Isroilning “yadro markazlari”ning joylashishini aniqlagani, agar yahudiy davlati Eronning 14 apreldagi Isroil harbiy ob’ektlariga yaqinda uyushtirgan hujumiga javob qaytarsa, ularni yo‘q qilishga tayyor ekanini aytgandi. Bugun, 19 aprel kuni ertalab Amerikaning ABC telekanali AQSH rasmiysiga tayanib, Isroil Eron hududidagi ob’ektga raketa zarbasi bergani haqida xabar berdi. CNN amerikalik mulozimga tayanib, bu hujum Isroilning 14 apreldagi Eron hujumiga javobi bo‘lganini ta’kidladi.  

Eron matbuotida esa mamlakat shaharlariga hech bir davlat tomonidan hujum qilinmagani haqida xabar berildi. Eron Milliy kiberkosmik markazi vakili Husayn Daliryan X’dagi sahifasida Isfahon shahri osmonida urib tushirilgan uchuvchisiz samolyotlar respublika hududidan uchirilganini yozdi. Eron armiyasi qo‘mondoni general-leytenant Abdulrahim Musaviy Isfahon osmonida eshitilgan portlash havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlarining noma’lum ob’ektlarga qarshi ishlashi natijasida sodir bo‘lganini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Isroil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing