Isroil Eron razvedkasi rahbari o‘ldirilganini e’lon qildi
Olam
−
16:49 2225 2 daqiqa
Bugun, 18 martga o‘tar kechasi Eron Razvedka vaziri Ismoil Xatib Isroilning Tehronga bergan havo zarbasi oqibatida halok bo‘ldi. Bu haqda Isroil Mudofaa vaziri Israel Katsga tayanib, “Times of Israel” xabar berdi.
Katsning so‘zlariga ko‘ra, u va Bosh vazir Binyamin Netanyaxu “Isroil Mudofaa armiyasiga (SAXAL) har qanday yuqori martabali Eron arbobini qo‘shimcha ruxsat olmasdan [yo‘q qilish] vakolatini bergan”. Vazir, shuningdek, “Eronga berilayotgan zarbalar shiddati ortib borayotganini” bildirgan.
Bungacha “12-kanal” manbalari, shuningdek “Jerusalem Post” va “Ynet” nashrlari SAXALning Xatibni o‘ldirishga urinishi haqida xabar bergan. Eron tomoni bu ma’lumotlarni tasdiqlamagan.
Ma’lumot uchun, Xatib 2021 yilda Razvedka vaziri etib tayinlangan. U Eronning yangi Oliy rahnamosi Mujtabo Xomanaiyga eng yaqin shaxs hisoblanadi. O‘tgan yilning noyabr oyida, Erondagi keng ko‘lamli norozilik to‘lqinlari boshlanishidan oldin Xatib “xalq noroziligi kelib chiqishi uchun sharoit yaratilayotgani” haqida ogohlantirgan va Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida “dushman Ali Xomanaiyga zarar yetkazishga urinayotganini” aytgan. Oyatulloh 28 fevral kuni AQSH va Isroilning Tehronga uyushtirgan qo‘shma havo hujumi oqibatida o‘ldirilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil zarbasi oqibatida Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Ali Larijoniy halok bo‘lgandi. U bilan birga o‘g‘li – Murtazo va qo‘riqlash xizmati boshlig‘i Alirizo Bayat ham o‘ldirilgan. Tehron bunga javoban Isroilga qarshi yangi hujumlar to‘lqinini e’lon qildi.
Live
Barchasi