Isroil Eron hujumlarini yashirdi – OAV
Olam
−
05 iyul
13628Isroil bilan Eron o‘rtasida bo‘lib o‘tgan 12 kunlik urush davomida Eron tomonidan Isroildagi beshta harbiy ob’ektga berilgan zarbalar yashirilgan. Bu haqda “The Telegraph” gazetasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu xulosa AQSHning Oregon universiteti olimlari taqdim etgan sun’iy yo‘ldosh radar ma’lumotlari asosida chiqarilgan.
Nashrga ko‘ra, olti dona Eron raketasi Isroilning shimoliy, janubiy va markaziy qismlaridagi harbiy ob’ektlarga, jumladan, yirik harbiy-havo bazasi, razvedka markazi va logistika bazasiga urilgan. Shuningdek, yana 36 ta raketa Isroil havo mudofaasi tizimini yorib o‘tishga muvaffaq bo‘lgan.
Isroil Mudofaa armiyasi (SAXAL) bu ma’lumotlarga munosabat bildirmagan.
Isroil jurnalistlari ham mazkur hujumlarni tasdiqlovchi xabarlarni bergan. Yahudiy davlatining “13-kanal” jurnalisti Raviv Druker “hali e’lon qilinmagan ko‘plab raketali hujumlar” haqida aytgan.
Eronlik manbaga ko‘ra, Isroil havo mudofaasini chalg‘itish maqsadida raketalar va dronlar birgalikda qo‘llangan va bu ish bergan.
“Dronlar asosan chalg‘itish uchun yuborilgan, ko‘pchiligi Isroil tomonidan urib tushiriladi, lekin ular baribir havo mudofaa tizimini chalg‘itdi”, degan eronlik manba.
Qayd etish joiz, Eron tomoni Isroil hududiga zarbalar yo‘llashni boshlashi bilanoq, Isroil o‘z fuqarolaridan raketalar va yetkazilgan zararni video yoki rasm ko‘rinishida ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilmaslikni so‘ragan. Ba’zi bir xulosalarga ko‘ra, bu harakatlar Isroil o‘ziga yetkazilgan zararni yashirishning ilk bosqichi bo‘lgan.
Isroil va Eron o‘rtasidagi ziddiyat
Urush 13 iyundan 24 iyungacha davom etdi. Avvaliga Isroil Eron hududiga zarba berdi, bunga javoban Eron ham Isroilni nishonga oldi. 22 iyunga o‘tar kechasi AQSH mojaroga aralashdi va Erondagi yadro ob’ektlarini bombaladi. Keyingi kuni Eron Qatardagi AQSH harbiy bazasiga zarba berdi.
Ushbu urushdan oldin AQSH va Eron yangi yadroviy bitim yuzasidan muzokaralar olib borayotgan edi. Isroil esa Tehronning yadroviy qurolga yaqinlashgani bois operatsiyani boshlaganini bildirgan. Vashington ham shunday fikrni bayon qilgan. Eron esa yadro qurolini yaratmoqchi emasligini, biroq tinch atom dasturiga haqli ekanini ta’kidlagan.
LiveBarchasi