Isroil Eron hujumi tufayli Rafahdagi operatsiyani keyinga qoldirdi – CNN

Olam

image

Eron hujumi Isroilni G‘azo sektori janubidagi Rafah shahrida shu haftaga rejalashtirilgan quruqlikdagi operatsiyani keyinga qoldirishga majbur qildi. Bu haqda CNN isroillik ikki manbaga tayanib xabar berdi.

CNN manbalaridan biri 15 aprel kuni isroillik harbiylar Rafahning ayrim qismlariga havodan varaqalar tashlashni rejalashtirganini aytgan.

Boshqa bir rasmiyning aytishicha, Isroil hujum vaqti va tinch aholini evakuatsiya qilishni noma’lumligicha qoldirsa-da, Rafahda quruqlikdan operatsiya o‘tkazishda qat’iy qolgan.

Ammo bu holatga Isroil harbiylari izoh berishdan bosh tortgan.

Ma’lumot o‘rnida, Misr bilan chegaradosh Rafah shahri G‘azo sektoridagi Isroil armiyasining hujumi paytida ishg‘ol qilinmagan oxirgi shahar bo‘lib qolmoqda, shimoldan yuz minglab falastinliklar evakuatsiya qilingan.

U yerda bir yarim milliondan ortiq falastinlik qochqinlar bor.

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Rafahga bostirib kirishni talab qilmoqda va buni HAMASni butunlay yo‘q qilish uchun zarur deb hisoblaydi.

Eron va Isroil ziddiyatining keskinlashuvi

Joriy yilning 1 aprel kuni Isroil Damashqdagi Eron konsulligi binosiga havo hujumi uyushtirdi. Hujum oqibatida Eron inqilobi qo‘riqchilari korpusining 7 nafar a’zosi halok bo‘ldi, ulardan ikki nafari general darajasida edi.

Eron Isroilning konsullikka hujumi o‘z hududiga qilingan hujum ekanini va u o‘ch olishini aytdi.

Isroil ham Eron hujumlariga javob berishini e’lon qildi.

14 aprelga o‘tar kechasi Eron Isroilga yuzlab kamikadze dronlari, ballistik va qanotli raketalar bilan hujum uyushtirdi va ba’zi harbiy nishonlarga zarba berilganini aytdi.

Isroil hujumlarning aksariyati havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan to‘xtatilganini bildirdi, biroq bitta raketa mamlakat janubidagi harbiy bazaga tegdi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Isroil Rafah

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing