Isroil dunyoning “eng obro‘siz mamlakati” deb e’lon qilindi
Olam
−
10:28 1814 2 daqiqa
2025 yilda davlatlar o‘rtasidagi global brend reytingida Isroil oxirgi o‘rinni egalladi. Bu haqda “Nation Brands Index” reytingida keltirilgan.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, bu 20 yil ichida Isroilning eng past ko‘rsatkichi bo‘lib, reyting mamlakatning turizm, aholisi, madaniyati, immigratsiya, eksport va boshqaruv sohalaridagi obro‘sini baholaydi. Tadqiqotda ko‘rsatilishicha, nafaqat hukumatga, balki Isroil fuqarolariga bo‘lgan salbiy qarashlar ham kuchaygan, buning asosiy sababi G‘azo va Quddusdagi urushlar.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, Isroil mahsulotlari va eksportiga bo‘lgan ishonch ham pasaygan, xalqaro bozor va iste’molchilar orasida “Made in Israel” belgisi bilan bog‘liq boykotlar davom etmoqda.
Ma’lumot uchun, 2023 yilning oktyabridan buyon Isroil kuchlari G‘azoda 71 000 dan ortiq falastinlikni o‘ldirgan. Shu sababli, dunyoda Isroilga bo‘lgan salbiy fikrlar kengayib, nafaqat Arab va musulmon mamlakatlarida, balki Yevropa va Sharqiy Osiyoda ham ortmoqda.
So‘nggi so‘rovnomalar, xususan Pew Research va YouGov tadqiqotlariga ko‘ra, 2025 yilda AQSHda aholining 53 foizi Isroilni salbiy baholagan, Yevropada esa Britaniya, Fransiya, Germaniya, Daniya, Ispaniya va Italiyada odamlarning aksariyati Isroilga nisbatan salbiy qarashga ega. Yosh avlod va G‘arbiy Yevropada ijobiy qarashlar kamaymoqda, bu esa Isroilning xalqaro obro‘siga va iqtisodiy istiqbollariga jiddiy xavf tug‘diradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Mudofaa vaziri Isroil Kats xavfsizlik nuqtai nazaridan harbiylar hech qachon G‘azo sektoridan to‘liq chiqib ketmasligi va Falastin anklavida fuqarolik-harbiy armiya bo‘linmasi tashkil etilishini aytgandi.