Isroil BMTni HAMASga sheriklikda aybladi

Olam

image

Isroilning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi doimiy vakili Gilad Erdan BMTni HAMASga sheriklikda ayblab, u Gaagadagi Xalqaro sud oldida javob berishi kerakligini da’vo qildi. Uning tegishli bayonoti Isroil doimiy vakolatxonasi tomonidan e’lon qilindi. 

“Gaagada aynan BMT G‘azoda terrorchilarning tunnellarini qazishiga sherik bo‘lib, raketa ishlab chiqarish uchun xalqaro yordamdan foydalanishga ko‘z yumgani uchun sudlanishi kerak”, deydi Erdan.

Uning fikricha, hozirda Gaagadagi Xalqaro sudda ko‘rib chiqilayotgan Janubiy Afrikaning Isroilga qarshi genotsid ayblovi bo‘yicha da’vosi “BMT va uning institutlari qanday qilib terrorchilik tashkilotlari qo‘lida qurolga aylanganini ko‘rsatadi”.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Kotibiyati esa Erdanning bayonotini tushunmayapti. 

“Men bunday bayonotni haqiqatan ham tushunmayapman”, deydi BMT rasmiy vakili Stefan Dyujarrik brifingda.

Dyujarrikning qo‘shimcha qilishicha, BMT Falastin-Isroil mojarosining barcha tomonlari bilan hamkorlik qilishga va Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalarini to‘liq bajarishga intiladi.

Ma’lumot o‘rnida, Janubiy Afrika 2023 yil 29 dekabrda Gaagadagi Xalqaro sudga “Genotsid jinoyatining oldini olish va jazolash to‘g‘risida”gi konvensiyani buzgani uchun Isroilga qarshi da’vo arizasi bilan murojaat qildi. Hujjatda ta’kidlanishicha, Isroil rasmiylarining xatti-harakatlari genotsid sifatida tavsiflanishi mumkin, chunki ushbu qirg‘in “G‘azodagi falastinliklarni Falastin milliy, irqiy va etnik guruhining bir qismi sifatida yo‘q qilish” maqsadida amalga oshirilmoqda. Bunday holda, Janubiy Afrika tomoni suddan Isroil konvensiya bo‘yicha o‘z majburiyatlarini buzayotganligi va G‘azo sektoridagi barcha harbiy harakatlarni to‘xtatib, tovon to‘lashi kerakligi haqida hukm chiqarishini so‘rayapti.

Ishning mohiyatini ko‘rib chiqish keyinroq boshlanadi va kamida bir necha yil davom etishi kutilmoqda. 11-12 yanvar kunlari tinglovlar bo‘lib o‘tdi. Unda dastlab Janubiy Afrika, ertasi kuni esa Isroilning pozitsiyasi tinglandi. 

Janubiy Afrika vakillarining so‘zlariga ko‘ra, falastinliklar huquqlarini “bundan keyin ham jiddiy va tuzatib bo‘lmaydigan” buzilishidan himoya qilishga qaratilgan profilaktik chora-tadbirlar muhim ahamiyatga ega. Da’vogar tomonning advokatlari o‘z chiqishlari davomida Isroil Falastinga nisbatan aparteid siyosatini olib borayotganini, G‘azo sektoridagi harbiy amaliyot esa genotsid ekanini ta’kidladi. Ular suddan Isroildan G‘azo sektoridagi harbiy amaliyotini to‘xtatish va Falastin xalqiga qarshi genotsidning oldini olish choralarini ko‘rishni talab qildi. 

O‘z navbatida, Isroil BMT Xalqaro sudidan Janubiy Afrikaning da’vosini rad etishni so‘radi. Delegatsiya matbuot kotibi Tal Bekkerning so‘zlariga ko‘ra, bu Isroilni xalqaro qonunchilikka ko‘ra o‘zini misli ko‘rilmagan terror hujumidan himoya qilish huquqidan mahrum etishga qaratilgan.

Bekker Isroilning G‘azo sektoridagi harbiy amaliyotidan maqsad Falastin xalqini yo‘q qilish emas, balki o‘z xalqini himoya qilish ekanini da’vo qildi.

“Bu yerda genotsid atamasining asosiy tarkibiy qismi – xalqni yo‘q qilish niyati butunlay yo‘q”, deydi Isroil vakili.

Tinglovlarda Isroil tomonida ishtirok etayotgan britaniyalik advokat Malkolm Shou ham Isroilning G‘azo sektorini doimiy ravishda bosib olish va u yerdan odamlarni ko‘chirish maqsadi yo‘qligini ta’kidladi.

“Isroil Falastin aholisiga emas, HAMAS terror tashkilotiga qarshi kurashmoqda va buni xalqaro qonunlarga muvofiq amalga oshirmoqda”, deydi Shou.

Sudning profilaktika choralari haqidagi hukmi bir necha hafta ichida e’lon qilinishi kutilmoqda. Sud qarorlari majburiydir, ammo sudda ularni ijro etish mexanizmlari mavjud emas.


Maqola muallifi

Teglar

BMT Isroil HAMAS Xalqaro sud Gilad Erdan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing