Isroil Bayrutga navbatdagi havo zarbalarini berdi

Olam

image

Livan poytaxti Bayrut bugun, 4 oktyabrga o‘tar kechasi yana Isroil havo hujumlariga uchradi. Bu hujum nishoni 27 sentyabr kuni Isroil tomonidan o‘ldirilgan “Hizbulloh” harakati yetakchisi Hasan Nasrullohning amakivachchasi va ehtimoliy vorisi Hoshem Safi ad-Din bo‘lgan. Bu haqda ism-sharifi oshkor qilinmagan isroillik uch amaldorga tayanib, “The New York Times” xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, Safi ad-Din 4 oktyabr kuni Bayrut Daxiyaning janubiy chekkasidagi yer osti bunkerida bo‘lib o‘tgan harakat rahbariyatining yig‘ilishida ishtirok etgan. Aynan shu bunker Isroil mudofaa kuchlari zarbasi nishoniga aylangan. Safi ad-Dinning ushbu hujumda halok bo‘lgan-bo‘lmagani haqida xabar berilmagan.

Zarbadan keyingi fotosuratlar va videolarda Bayrutning janubiy chekkasida tungi osmonga alanga va katta tutun ko‘tarilayotgani aks etgan. Guvohlarning “Reuters” agentligiga aytishicha, ular zarba sentyabr oyi oxirida Hasan Nasrullohni o‘ldirgan zarbadan ham kuchliroq ekanini his qilishgan.

Bundan biroz avval, 3 oktyabr kuni Isroil G‘arbiy Sohilda joylashgan Tulkarm shahriga havo hujumi uyushtirgan edi. G‘azo sektoridagi Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, hujumda 18 kishi halok bo‘lgan.

Shuningdek, 4 oktyabr kuni ertalab Isroil Livan-Suriya chegarasidagi Masnaa nazorat punktiga ham hujum qildi. Bundan keyin Livan Transport vazirining bildirishicha, Livandagi harbiy amaliyotlardan qochib qo‘shni davlatga o‘tishga uringan yuz minglab qochqinlar foydalangan yo‘l vayron bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, 3 oktyabr kuni Isroilning Bayrut markaziga bergan navbatdagi zarbasi oqibatida olti kishi halok bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil Livan Bayrut Hizbulloh

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing