Isroil Bayrut markaziga havo hujumi uyushtirdi
Olam
−
30 Sentabr
2302Isroil bugun, 30 sentyabr kuni erta tongda Bayrutning markaziy Kola mahallasiga havo hujumi uyushtirdi. Bu haqda voqea joyida bo‘lgan muxbiriga tayanib, “Associated Press” xabar berdi.
Qayd etilishicha, bu Isroilning Livan poytaxti markaziga Yaqin Sharqdagi mojaro avj olishining yangi bosqichi boshlanganidan beri birinchi havo hujumidir. Kadrlarga ko‘ra, zarba ko‘p qavatli turar-joy binosiga tekkan.
“Videoda tez yordam mashinalari va olomon do‘konlar bilan gavjum ko‘chaga ega, asosan sunniylar yashaydigan mahalladagi bino oldida to‘planganini ko‘rish mumkin”, deyiladi “Associated Press” xabarida.
Agentlikka ismini oshkor qilishni istamagan livanlik manbaning aytishicha, zarbada Hizbullohga aloqador sunniy “Al-Jamaa al-Islomiya” guruhi a’zosi bir kishi halok bo‘lgan. Yana 16 kishi yaralangan, deya qo‘shimcha qildi agentlik suhbatdoshi. “Al-Jamoa al-Islomiya” Isroil va Hizbulloh o‘rtasidagi hozirgi mojaroda muhim rol o‘ynagan, deb ta’kidlaydi AP.
Shuningdek, AFP Isroilning uchuvchisiz samolyotlari Bayrut markazidagi turar-joy binosiga hujum uyushtirgani, nishon “Al-Jamaa al-Islomiya” guruhining ikki a’zosiga tegishli kvartira bo‘lganini ham yozadi. Ushbu hujum oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lgan.
“29 sentyabr kuni butun kun davomida dronlar Bayrut ustida aylanib yurgan edi”, deya xabar beradi nashr.
Ayni paytda, “The Times of Israel” gazetasining yozishicha, “Al-Jamaa al-Islomiya” guruhi o‘z a’zolari Isroil mudofaa kuchlarining Bayrut markazidagi zarbasi oqibatida halok bo‘lgani haqidagi ma’lumotni rad etgan.
Shu bilan birga, bugun, 30 sentyabr erta tongda Falastinni ozod qilish xalq fronti bayonot tarqatib, Isroil hujumida tashkilotning siyosiy byurosi a’zosi va harbiy xavfsizlik bo‘limi boshlig‘i Abu G‘ozi nomi bilan ham tanilgan Muhammad Abdel Aal, Abu Ziyod nomi bilan ham tanilgan, Livandagi harbiy qo‘mondon Imad Odeh va Abdul Rahmon Abdel Aal halok bo‘lganini bildirdi.
Shuningdek, 30 sentyabrga o‘tar kechasi Isroil mudofaa kuchlari o‘z jangovar samolyotlari Livanning Bekaa vodiysi hududida, shuningdek, mamlakat janubidagi “Hizbulloh” nishonlariga bir qator zarbalar bergani haqida xabar berdi. Isroil armiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, zarba berilgan nishonlar orasida “Hizbulloh”ning raketa otish moslamalari va qurol-yarog‘ omborlari bo‘lgan.
Livan sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 29 sentyabr kuni Isroil havo hujumlari oqibatida kamida 105 kishi halok bo‘lgan, yana 359 kishi jarohatlangan. Ulardan qanchasi “Hizbulloh”ga aloqador ekani aniqlanmagan.
LiveBarchasi