Isroil askarlari turkiyalik jurnalistlarga hujum qildi (video)
Olam
−
27 iyul
14640Kecha, 26 iyul kuni Isroil askarlari Turkiya jurnalistlariga hujum qilib, ularni kaltakladi. Bu haqda “Anodolu” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, voqea Quddusdagi Al-Aqso masjidi oldida sodir bo‘lgan. Isroil kuchlari birinchi navbatda falastinliklarga hujum qilgan. Keyinroq hujumni tasvirga olgan TRT News guruhini nishonga olgan. Hodisa oqibatida TRT operatori jarohatlangan.
Turkiya Tashqi ishlar vazirligi Isroilning jurnalistlarga qarshi so‘nggi hujumlarini qoralab, Falastin muammosini yorituvchi OAV xodimlarini qo‘llab-quvvatlashga sodiqligini ma’lum qilgan.
“Biz Isroil bir necha oy davomida jurnalistlarga hujum qilib, haqiqatni yashira olmasligini hali ham anglab yetmaganini ko‘ryapmiz. Bosqinchilar hujumi oqibatida jarohat olgan TRT News teleoperatoriga tezroq shifo tilab, TRT oilasiga sog‘lik tilaymiz. Mard va dovyurak jurnalistlar Falastinda sodir bo‘layotgan zulm haqida butun dunyoga qat’iylik bilan xabar berishda davom etadilar va vazirligimiz bu kurashda ularning yonida bo‘ladi”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Guvohlarning aytishicha, Isroil politsiyasi ishg‘ol ostidagi Quddusda joylashgan Al-Aqso masjidiga juma namozi uchun yuzlab falastinlik yoshlarning kirishiga to‘sqinlik qilgan. Politsiya Arslon darvozasi yaqinida bir yigitni kaltaklab, boshini jarohatlagan. Ular, shuningdek, Turkiyaning TRT telekanali a’zosiga o‘sha hududda hech qanday sababsiz politsiya tomonidan hujum qilinganini da’vo qilgan. Isroil politsiyasi ko‘p sonli yoshlarning masjidga kirishini taqiqlash yoki hujumlar sabablarini ochiqlamagan. Biroq, so‘nggi bir necha hafta ichida yoshlarning masjidga kirishiga cheklovlar kuchaytirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil xavfsizlik kuchlari tomonidan hujumga uchragan “Anadolu” agentligi fotomuxbiri Mustafo Haruf Xalqaro sudda dalil sifatida taqdim etilgan Isroilning urush jinoyati haqidagi dalillarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgani xabar qilingandi. Haruf G‘azo chegarasidagi mojaro zonalarigacha yetib borgan birinchi jurnalistlardan hisoblanadi.