Isroil AQSHning og‘ir bombalarini qabul qildi
Olam
−
18 fevral
3448AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘zidan oldingi prezident Jo Bayden ma’muriyati tomonidan eksportiga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilganidan so‘ng, Isroil AQSHdan MK-84 og‘ir bomba yukini oldi. Bu haqda 16 fevral kuni Isroil Mudofaa vazirligi Facebook'dagi postida ma’lum qildi.
Shu kuni jurnalistlar bilan suhbatda Tramp o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvga qaramay, Baydenning bomba taqiqini bekor qilganini, chunki u “kuch orqali tinchlikka” sodiqligini aytdi.
“Ular bu o‘q-dorilarni Bayden ma’muriyati davrida buyurtma qilishgan, ammo Bayden bu qurollarni yetkazib bermagan. Lekin men bunga boshqacha qarayman. Men aytaman: “kuch orqali tinchlik”, dedi Tramp Florida shtatidagi Vest-Palm-Bichga, Daytona-Bichga safaridan qaytganidan keyin.
MK-84 2000 funt (907 kg) bo‘lgan boshqarilmaydigan bomba bo‘lib, qalin beton va metallga kirib, keng vayronagarchilik maydonini yaratishi mumkin. Bayden ma’muriyati, agar ular G‘azo sektorining aholi zich joylashgan hududlarida ishlatilsa, halokatli oqibatlarga olib kelishidan qo‘rqib, Isroilga eksport qilishni ma’qullashdan bosh tortdi. 2023 yil 7 oktyabrdan so‘ng Bayden ma’muriyati Isroilga minglab 2000 funtlik bomba jo‘natgan, biroq keyinchalik yuklardan birini to‘sib qo‘ygan. Bu cheklov yanvar oyida Tramp tomonidan bekor qilingan edi.
“Bugun kechqurun Isroilga kelgan va Tramp ma’muriyati tomonidan chiqarilgan o‘q-dorilar SAXAL uchun muhim strategik manba bo‘lib, shuningdek, Isroil va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi mustahkam ittifoqni tasdiqlaydi”, dedi Isroil Mudofaa vaziri Isroil Kats.
Yetkazib berish yanvar oyida G‘azoda erishilgan mo‘rt o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi xavotirlar fonida amalga oshirildi. Har ikki tomon bir-birini urushlarni tugatish va G‘azoda garovga olinganlarni Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan falastinliklar bilan almashishga qaratilgan kelishuvlarni buzishda aybladi.
LiveBarchasi
Trenddagilar



