Isroil hujum qilgan shifoxonada 9 ming kishi bor
Olam
−
15 noyabr 2023
3914Hozirda G‘azo sektoridagi “Ash-Shifa” tibbiyot majmuasi hududida 9 mingga yaqin odam, jumladan, bemorlar va yaradorlar joylashgan. Bu haqda anklav hokimiyati matbuot xizmati Facebook'da xabar berdi.
“Bosqinchilar armiyasi “Ash-Shifa” tibbiyot majmuasiga hujum qilib, uning hududiga o‘t ochdi, garchi ular majmua ichida deyarli 9 ming odam borligini yaxshi bilardi. Bular shifokorlar, yaradorlar, shifoxona bemorlari va ichki ko‘chirilganlar”, deyiladi xabarda.
G‘azo ma’muriyati matbuot xizmati “Ash-Shifa”dagi voqealarni urush jinoyati deb atadi va tibbiy majmua ichidagi odamlar xavfsizligi uchun javobgarlikni AQSH va xalqaro hamjamiyat zimmasiga yukladi. Umuman olganda, anklav ma’muriyatiga ko‘ra, qurolli mojaro boshlanganidan beri 198 tibbiyot xodimi halok bo‘lgan, 55 ta tez tibbiy yordam mashinasi o‘qqa tutilgan, 25 ta tibbiyot muassasasi o‘z faoliyatini to‘xtatgan.
“Al Mayadeen” telekanalining xabar qilishicha, isroillik harbiylar shifoxonadagi tibbiyot xodimlariga ham o‘t ochgan. Biroq halok bo‘lgan yoki yaralangan shifokorlar haqida ma’lumot berilmagan.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 15 noyabrga o‘tar kechasi Isroil harbiylari G‘azo sektoridagi “Ash-Shifa” tibbiyot markazi hududida quruqlikdagi operatsiyani boshladi. Isroil mudofaa kuchlari shifoxonada HAMASning asosiy qo‘mondonlik shtab-kvartirasi joylashgani, shuningdek, tibbiyot markazi ostida 200 ga yaqin HAMAS tarafdorlari yashiringani va 7 oktyabr kuni o‘g‘irlab ketilgan garovga olinganlar saqlanayotgan bir necha yerosti majmualari va tunnel borligini da’vo qilgandi.
LiveBarchasi