Isroil “Hizbulloh”ning logistika boshlig‘i o‘ldirilganini e’lon qildi

Olam

image

Livan poytaxti Bayrutga uyushtirilgan havo hujumi tufayli “Hizbulloh” harakati tarkibida Erondan qurol-yarog‘ yetkazib berish uchun mas’ul bo‘lgan Suhayl Husayn Husayniy halok bo‘ldi. Bu haqda Isroil Mudofaa vazirligi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Husayniy Eron va “Hizbulloh” o‘rtasida qurol-yarog‘ o‘tkazilishida hal qiluvchi rol o‘ynagan va tashkilot bo‘linmalari o‘rtasida zamonaviy qurol-yarog‘larning taqsimlanishiga mas’ul bo‘lgan, qurol-yarog‘ tashilishi va tarqatilishini nazorat qilgan. Shuningdek, Husayniy “Hizbulloh”ning eng muhim loyihalari – byudjet va logistika uchun mas’ul bo‘lgan.

Sentyabr oyi o‘rtalarida Livanda “Hizbulloh” tezkor aloqa uchun foydalanadigan peyjer va radiolarda qator portlashlar sodir bo‘ldi. 27 sentyabr oqshomida Isroil armiyasi Bayrutning janubiy chekkasida joylashgan “Hizbulloh” qarorgohiga havo hujumi uyushtirdi, oqibatda harakatga 30 yildan ortiq rahbarlik qilgan Hasan Nasrulloh halok bo‘ldi.

Nasrulloh bilan birga uning qizi Zaynab, harakatning bir qator yuqori martabali a’zolari, shuningdek, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi general-mayori Abbos Nilforushan o‘ldirilgan. 29 sentyabr kuni Eron rasmiylari Nilforushanning o‘limiga rasman izoh berdi. Mamlakat Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi uning o‘ldirilishi javobsiz qolmasligini aytdi.

Eslatib o‘tamiz, Eron 1 oktyabr oqshomida Isroilga yirik raketa hujumi uyushtirgandi.Tehron bunga sabab Isroilning Livandagi “Hizbulloh” va Falastinning HAMAS guruhlari nishonlariga bergan zarbalari, shuningdek, ular yetakchilarining o‘limi bilan izohladi. Tehron ko‘zlangan maqsadga erishilganini bildirdi. Isroil rasmiylari o‘qqa tutish muvaffaqiyatli bo‘lgani haqidagi da’volarni rad etib, raketalarning aksariyati urib tushirilganini ta’kidlamoqda. Amerika tomoni ham xuddi shunday baho berdi.

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Eronning harakatlarini katta xato deb atadi va uni javobgarlikka tortishga va’da berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘ldirilgan “Hizbulloh” va HAMAS yetakchilari Isroil “o‘zini himoya qilishga va qasos olishga qanchalik tayyor ekanini tushunmagan va Tehronda buni tushunmaydiganlar haliyam bor”.

Kecha, 7 oktyabr kuni urushning 1 yilligiga bag‘ishlangan hukumatning navbatdan tashqari yig‘ilishida Netanyaxu mamlakatning G‘azo sektori va Livanda olib borayotgan urushini rasman “Qayta tug‘ilish urushi” deb atashni taklif qildi. Isroil muxolifati yetakchisi Yair Lapid esa Bosh vazir tomonidan urushga shunday nom berish tashabbusiga “Siz xohlaganingizcha ko‘plab nomlarni o‘zgartirishingiz mumkin, lekin sizning rahbarligingiz ostida Isroil tarixidagi eng yomon falokat sodir bo‘lgani haqidagi haqiqatni o‘zgartira olmaysiz. Bu hukumat – qayta tug‘ilish hukumati emas, bu – aybdorlik hukumatidir”, deya javob qaytargan.

 


Maqola muallifi

Teglar

Livan “Hizbulloh” Suhayl Husayn Husayniy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing