Isroil “Hizbulloh”ning 1000 dan ortiq a’zosini yo‘q qildi
Olam
−
04 aprel 3181 2 daqiqa
Isroil kuchlari Livanda bir oy davom etgan janglar ortidan “Hizbulloh”ning qariyb 1000 nafar a’zosini yo‘q qildi. Bu haqda Isroil Mudofaa armiyasi (SAXAL) xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, nishonlar orasida yuqori martabali qo‘mondonlar va “Radvan” maxsus bo‘linmasining ko‘plab jangchilari ham bor.
Shuningdek, Isroil armiyasi Livan bo‘ylab 3500 dan ortiq nishonga zarba bergan. Bu zarbalar asosan harbiy infratuzilma, qurol omborlari, raketa uchirish qurilmalari hamda boshqaruv markazlariga qaratilgan.
Quruqlikdagi operatsiyalarda Livan janubida SAXALning uchta diviziyasi ishtirok etmoqda. Shu vaqt ichida Isroil tomoni 10 nafar harbiysini yo‘qotganini bildirgan.
Isroil rahbariyati ushbu operatsiyaning asosiy maqsadi “Hizbulloh”ni to‘liq qurolsizlantirish va mamlakat shimolidagi aholi uchun xavfsizlikni ta’minlash ekanini ta’kidlamoqda. Isroil Mudofaa vaziri Isroil Kats armiya mamlakatning shimoliy chegarasidan Litani daryosigacha bo‘lgan hududda xavfsizlikni nazorat qilishni rejalayotganini aytgan.
Livan tomoni esa Isroilni o‘z hududini bosib olishda ayblamoqda. Mojaro boshlangandan buyon Livanda 1345 kishi halok bo‘lgan, 4040 nafari jarohatlangan va yuz minglab odamlar janubiy hududlardan ko‘chishga majbur bo‘lgan.
Keskinlashuv 2 mart kuni boshlangan. O‘shanda “Hizbulloh” Isroil hududiga raketa hujumlarini qayta boshlagan. Shundan so‘ng Isroil Livanning janubiy hududlari, Beka vodiysi va Bayrut atrofiga keng ko‘lamli zarbalar bera boshlagan. 16 mart kuni esa Isroil armiyasi Livan janubida rasmiy ravishda quruqlik operatsiyasini boshlaganini e’lon qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Livan Tashqi ishlar vazirligi Eronning Bayrutdagi elchisining akkreditatsiyasini bekor qilib, uni “persona non grata” deb e’lon qilgandi.
Live
Barchasi