Isroil “Hizbulloh”niki deya gumon qilingan moliya markazlariga zarba berdi (video)
Olam
−
21 Oktabr
269320 oktyabr kuni kechqurun Isroil havo kuchlari Livandagi “Al-Qard Al-Hassan” moliya-kredit uyushmasining bir qancha filiallariga hujum uyushtirdi. Bu haqda SAXAL matbuot xizmatining arab ommaviy axborot vositalari bo‘limi boshlig‘i Avihay Adray ma’lum qildi.
Isroil kuchlari bir vaqtning o‘zida “Hizbulloh” harakatini moliyalashtirishi aytiladigan “Al-Qard Al-Hassan” moliya markazining 15 ta filialiga havo hujumi uyushtirdi. Yakshanba kuni berilgan zarbalarning aksariyati Bayrutning janubiy chekkasiga qaratilgan bo‘lib, mazkur hududda 11 ta ofis nishonga olingan. Qolgan vayronachilik harakatlari Baalbek, Beka vodiysi va mamlakat janubidagi Tirda sodir etilgan.
“Al-Hadah” telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur moliya instituti Livan Markaziy Bankiga tegishli bo‘lmagan. Unga ko‘ra, “Al-Qard Al-Hassan” uyushmasi so‘nggi yillarda iste’molchilarga uch milliard dollardan ortiq kreditlar taqdim qilgan va uning xizmatlaridan bir milliondan ortiq aholi foydalangan. “Al-Qadr Al-Hassan”dagi ulushlarning aksariyat qismi mamlakatda faoliyat yuritadigan Shia guruhi, ya’ni “Hizbulloh”ga tegishli ekani aytiladi. Ushbu moliya markazi butun Livan bo‘ylab 30 dan ortiq filiallarga ega.
Isroil kuchlari matbuot xizmatiga ko‘ra, “Al-Qard Al-Hassan” “Hizbulloh” faoliyatini, shu jumladan qurol sotib olish va guruhning harbiy qanotidagi tezkor xodimlarga to‘lovlarni bevosita moliyalashtiradigan uyushma bo‘lib xizmat qilgan.
SAXAL tomonidan tunda Bayrutdagi “Al-Qard Al-Hassan” moliya-kredit uyushmasining binolariga yo‘llangan zarbalarni Isroil Tashqi ishlar vaziri Isroil Kats ham tasdiqladi.
“Bayrut alanga ichida. Kecha Isroilning keng ko‘lamli hujumi “Hizbulloh”ning Bayrutdagi va Livan bo‘ylab moliyaviy infratuzilmasini nishonga oldi. Bu “Hizbulloh”ning Isroil shimoliga qilgan tajovuzlariga javoban berilgan qasos zarbasidir”, deydi Tashqi ishlar vaziri.
Eslatib o‘tamiz, aynan 20 oktyabr kuni Isroil harbiylari buldozeri atayin Birlashgan Millatlar Tashkilotining Livandagi Muvaqqat kuchlari (UNIFIL) pozitsiyasidagi kuzatuv minorasi va perimetrdagi to‘siqlarini buzib tashlagandi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr