Isroil “Hizbulloh” qo‘mondonini o‘ldirdi

Olam

image

Kecha, 20 sentyabr kuni Isroil mudofaa kuchlari Livandagi “Hizbulloh” harakatining tayanchi hisoblangan Bayrutning Dahiya mahallasiga havo hujumi uyushtirdi. Hujum oqibatida guruhning asosiy yetakchilaridan biri Ibrohim Oqil va yana 10 ga yaqin yuqori martabali qo‘mondon halok bo‘ldi. Bu haqda SAXAL vakili Daniel Hagariy ma’lum qildi.

Ibrohim Oqil “Hizbulloh” asoschilaridan biri bo‘lib, tashkilotning harbiy qanotida ayniqsa faol bo‘lgan. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, Oqil harakatning operatsiyalar bo‘limiga rahbarlik qilgan va “Hizbulloh”ning harbiy qanoti bosh shtab boshlig‘i bo‘lishi kutilgan. Qo‘shma Shtatlar Oqilning boshiga 7 million dollar mukofot qo‘ydi. Isroil uni 1990 yillarning boshidayoq yo‘q qilishga urinib ko‘rdi.

Bayrutdan olingan xabarlarga ko‘ra, Oqil “Hizbulloh” qo‘llagan aloqa vositalarining portlashi oqibatida yaralanganidan keyin kechagina shifoxonadan chiqarilgan. Bu hujum ham Isroilga tegishli edi.

“Hizbulloh” rahbariyati ham Isroilning Bayrut janubiy chekkasiga raketa hujumi chog‘ida uning qo‘mondoni Ibrohim Oqil halok bo‘lganini tasdiqladi.

“Biz harbiy boshliq Ibrohim Oqil Quddus uchun jangda shahid bo‘lganini tasdiqlaymiz, bu shaharni ozod qilish uning eng katta orzusi edi”, deyiladi “Hizbulloh” bayonotida.

MTV xabar berishicha, harbiy yetakchi bilan birga “Hizbulloh”ning “Radvan” elita bo‘linmasining kamida olti qo‘mondoni halok bo‘lgan. Ularning barchasi Oqil tomonidan o‘tkazilgan tezkor shtab yig‘ilishida ishtirok etgan.

“Axios” manbasiga ko‘ra esa zarba oqibatida “Radvan” otryadining 20 ga yaqin qo‘mondoni halok bo‘lgan.

Portalga iqtibos keltirgan isroillik rasmiy manbaning tasdiqlanishicha, yahudiy davlati rahbariyati Qo‘shma Shtatlarni Bayrutga zarba berishga tayyorlanayotgani haqida oldindan xabardor qilmagan, ammo bu amalga oshirilganligi haqida “darhol Amerika rasmiylarini xabardor qilgan”. 

Avvalroq Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi jurnalistlar uchun onlayn-brifingda Isroil Bayrutga zarba berish niyati haqida AQSHni oldindan xabardor qilmaganini ma’lum qilgandi.

Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil hujumi qurbonlari soni 14 kishiga yetgan, 66 kishi yaralangan, yana 17 kishi bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida.

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu “Hizbulloh” harakati harbiy qanotining bir necha qo‘mondoni o‘ldirilganidan so‘ng qisqacha bayonot berib, uning mamlakatining harakatlari o‘z-o‘zidan dalolat berishini aytdi.

“Maqsadlarimiz aniq. Bizning harakatlarimiz o‘z-o‘zidan gapiradi”, deydi Netanyaxu. 

Hukumat rahbari batafsilroq izoh berishdan o‘zini tiydi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil Hizbulloh

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing