Isroil havo hujumlari ortidan minglab odamlar Livanni tark etmoqda
Olam
−
24 Sentabr
2340Livanda davom etayotgan Isroil havo hujumlari fonida minglab odamlar Livanni tark etib, Suriya tomon ketmoqda. Bu haqda bugun, 24 sentyabr kuni DPA agentligi xabar berdi.
Chegara xizmati rasmiysining agentlikka aytishicha, odamlar Suriya chegarasiga Bekaa vodiysi va Livan sharqidagi boshqa hududlardan kelishmoqda.
“Gap asosan Suriyada turmush o‘rtog‘i yoki boshqa qarindoshlari bo‘lgan livanliklar haqida ketmoqda”, deydi Masnaa chegara postidagi nashr suhbatdoshi.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, hozir Livanda 1,5 million suriyalik qochqin va boshqa suriyaliklar istiqomat qiladi. “Associated Press” agentligiga ko‘ra, Bayrut va qirg‘oq bo‘yidagi Sidon shahrida janglar oqibatida uylarini tashlab ketishga majbur bo‘lgan livanlik oilalar maktablarga joylashtirildi. Ayni paytda mehmonxonalar narxlarni shunchalik ko‘targanki, ko‘p oilalar xona topa olmay, mashinalarida uxlashga majbur bo‘lmoqda.
Livan davlat Milliy axborot agentligiga ko‘ra, Bayrutdan 65 km shimoli-sharqda joylashgan Baalbek shahrida novvoyxonalar va gaz ballonlarini to‘ldirish stansiyalari oldida navbatlar hosil bo‘lgan. AP xabariga ko‘ra, minglab livanliklar Yaqin Sharqdagi mojarolar avj olgani sababli mamlakat janubiy viloyatlarini tark etmoqda.
24 sentyabr kuni tushdan keyin Isroil Bayrutga navbatdagi havo hujumini amalga oshirdi. AP ma’lumotlariga ko‘ra, deyarli 560 kishi halok bo‘lgan. Ushbu qurbonlarning qanchasi “Hizbulloh”ga aloqador ekani noma’lum.
“The Times of Israel” internet-nashrining harbiy doiralardagi manbalariga tayanib yozishicha, SAXALning Bayrutga bergan zarbasi nishoni “Hizbulloh” raketa bo‘linmasi qo‘mondoni bo‘lgan. Uning taqdiri hozircha noma’lum.
Avvalroq Isroil harbiylari Livan hududidan Isroilning shimoliy hududlari tomon 55 dan ortiq raketa uchirilgani haqida xabar bergan edi.
AP xabariga ko‘ra, Isroil tanklari va artilleriyasi Livan chegarasi yaqinidagi nishonlarni ham o‘qqa tutdi. Isroil havo hujumlaridan jabrlangan janubiy Livanning maydoni 1700 kvadrat kilometrni tashkil etdi.
Isroil hukumati mamlakat bo‘ylab favqulodda holat joriy etdi, bu kamida 30 sentyabrgacha davom etadi. O‘z navbatida, “Hizbulloh” 24 sentyabrga o‘tar kechasi va o‘sha kuni ertalab Isroildagi sakkizta nishonga, jumladan, Livan bilan chegaradan 60 km uzoqlikda joylashgan Zixron Yaakov shahridagi portlovchi moddalar zavodiga raketalar bilan hujum qilganini ma’lum qildi.