Isroil HAMAS yetakchisi Muhammad Sinvarni ham o‘ldirdi – OAV
Olam
−
18 may 11532 2 daqiqa
G‘azo janubidagi tunneldan HAMAS yetakchisi Muhammad Sinvarning jasadi topildi. Bu haqda “Al Arabiya” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, G‘azo sektorining janubiy qismidagi Xon-Yunus shahrida joylashgan tunneldan HAMAS harakati yetakchilaridan biri Muhammad Sinvarning jasadi topilgan. U Isroil harbiy-havo kuchlarining aviazarbasi oqibatida bir necha kun oldin halok bo‘lgan.
Muhammad Sinvarning jasadi Xon-Yunusdagi Yevropa shifoxonasi yaqinidagi hududda topilgan. U bilan birga uning 10 nafar yordamchisining jasadi ham aniqlangan.
Isroil armiyasi 13 may kuni mazkur shifoxona hududiga aviazarba bergan edi. Isroil Mudofaa kuchlari bayonotida aytilishicha, shifoxona ostida HAMASning qo‘mondonlik punkti joylashgan bo‘lgan.
Hozircha Isroil rasmiylari Muhammad Sinvarning o‘limini rasmiy tasdiqlamagan. Biroq Isroil Mudofaa vaziri Isroil Kats parlamentdagi tashqi siyosat va mudofaa qo‘mitasiga qilgan bayonotida Muhammad Sinvar katta ehtimol bilan o‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytgan.
“Hali rasmiy tasdiq yo‘q, ammo barcha belgilar shuni ko‘rsatmoqda – u yo‘q qilingan”, degan u.
Ma’lumot uchun, Muhammad Sinvar – HAMASning sobiq siyosiy rahbari Yahyo Sinvarning ukasi edi. Yahyo Sinvar 2024 yil oktyabr oyida G‘azoda o‘ldirilgan. U avvalroq, 2024 yil avgustda HAMAS siyosiy byurosi rahbari etib tayinlangan edi. Undan oldingi rahbar – Ismoil Honiya esa Tehronda o‘ldirilgan.
Muhammad Sinvar ham akasi singari HAMAS saflariga yoshligida qo‘shilgan va Isroil maxsus xizmatlari tomonidan bir necha marotaba nishonga olingan, ammo avvalgi urinishlar samarasiz bo‘lgan edi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning yanvar oyida Falastinning HAMAS harakatining harbiy qanoti – Izz ad-Din al-Kassam brigadasi rahbari Muhammad Sinvar HAMASning G‘azo sektoridagi yangi yetakchisiga aylangan edi. U akasi vafot etgandan keyin rasman rahbarlik qila boshlagan.
Live
Barchasi