Isroil ham urushga tayyorgarlik ko‘rishni boshladi – OAV
Olam
−
19 fevral 4805 2 daqiqa
Isroil armiyasi AQSHning Eronga ehtimoliy zarbalari sabab yuqori jangovar shaylik holatiga keltirildi. Bu haqda “Ynet” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, favqulodda xizmatlar hamda fuqarolik mudofaasi uchun mas’ul harbiy tuzilma – Orqa front qo‘mondonligiga urushga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan. Mazkur choralar AQSHning Eronga ehtimoliy zarbasi bilan bog‘liq bo‘lib, unda Isroil kuchlari ham ishtirok etishi mumkin.
Qayd etilishicha, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu rahbarligida o‘tkazilgan so‘nggi maslahatlashuvlarda qatnashgan rasmiylar shunday xulosaga kelgan – agar AQSH Eronga zarba bersa, Isroil bu operatsiyada ishtirok etmasa ham Eron baribir Isroilga javob zarbasi berishi mumkin.
Bungacha “Axios” AQSH Prezidenti Donald Trampning ismi oshkor etilmagan maslahatchisiga tayanib, Qo‘shma Shtatlar Eronga qarshi harbiy harakatlarni ko‘pchilik o‘ylaganidan “erta va keng ko‘lamliroq” boshlashi mumkinligini xabar qilgan edi. Portal manbalariga ko‘ra, harbiy operatsiya, ehtimol, Isroil bilan birgalikda o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 17 fevral kuni Jenevada Tehronning yadro dasturi bo‘yicha Eron–AQSH muzokaralarining ikkinchi raundi bo‘lib o‘tgandi. Uning yakunlari bo‘yicha Eron TIV rahbari Abbos Aroqchi siljish borligini ma’lum qildi hamda Tehron va Vashington ehtimoliy kelishuv asosini tashkil etishi mumkin bo‘lgan matnlar ustida ishlashini qayd etdi.
Vashington va Tehron o‘rtasidagi keskinlashuv
AQSH yetakchisi Erondan mamlakatda yadro quroli mavjudligini istisno qiladigan bitim tuzishni talab qilmoqda. U aks holda Islom Respublikasini o‘tgan yozdagidan ancha kuchliroq hujum kutishi haqida ogohlantirgan. Yanvar oxirida Qo‘shma Shtatlar Ummon va Fors ko‘rfazlariga harbiy kemalar armadasini yuborgandi. Keyinchalik Pentagon rahbari Pit Hegset mintaqaga qo‘shimcha bo‘linmalar yuborilganini ham ma’lum qildi.
Live
Barchasi