Ispaniyadagi o‘rmon yong‘inlarida 12 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
12:20 385 2 daqiqa
Ispaniyaning Andalusiya avtonom hamjamiyatidagi Almeriya viloyatining Los Gallardos hududida yuz bergan yirik o‘rmon yong‘ini oqibatida kamida 12 kishi halok bo‘ldi, yana 6 kishi jarohatlandi. Bu haqda “BBC News” xabar berdi.
Qayd etilishicha, halok bo‘lganlarning ayrimlari alangada qolgan avtomobillar ichidan topilgan. Guvohlar olov elektr uzatish tarmog‘idagi nosozlik ortidan boshlanganini aytmoqda. Biroq rasmiylar hozircha hodisaning aniq sababini tasdiqlamagan.
Hududdagi olovni o‘chirish ishlariga qariyb 150 nafar o‘t o‘chiruvchi jalb etilgan. Jarohatlanganlardan biri tutundan zaharlanib, yana biri kuyish jarohati bilan shifoxonaga yotqizilgan. Yana to‘rt kishiga voqea joyida tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Favqulodda xizmatlar ofat sabab ayrim avtomobil yo‘llari yopilganini, ming kishi evakuatsiya qilinganini bildirdi. Yong‘inni bartaraf etish ishlariga Ispaniyaning harbiy favqulodda vaziyatlar bo‘linmasi ham safarbar etilgan.
Mutaxassislar tabiiy ofatlarning kuchayishini Janubiy Yevropada davom etayotgan issiqlik to‘lqini bilan izohlamoqda. So‘nggi kunlarda Ispaniya, Fransiya va Portugaliyaning ko‘plab hududlarida havo harorati 40 darajadan oshdi, bu esa yirik o‘rmon yong‘inlariga sabab bo‘lmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili Ispaniyada 393 ming gektar maydon olov ta’sirida zarar ko‘rgan. Bu mamlakatning so‘nggi yillardagi o‘rtacha ko‘rsatkichidan qariyb olti baravar yuqori.
Mutaxassislar iqlim o‘zgarishi tufayli Yevropada jazirama issiq va yirik o‘rmon yong‘inlari kelgusida yanada tez-tez kuzatilishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ispaniya, Fransiya, Portugaliya va Gretsiyada davom etayotgan yirik o‘rmon yong‘inlari minglab gektar hududni qamrab olgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi