Ispaniyadagi toshqin qurbonlari soni 200 dan oshdi
Olam
−
01 noyabr
1592Ispaniyaning Valensiya avtonom hamjamiyatida kuchli yomg‘ir va toshqinlar oqibatida halok bo‘lganlar soni 202 kishiga yetdi. Bu haqda Valensiya Favqulodda vaziyatlarni muvofiqlashtirish markazi xabar berdi.
“Hozirgi ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lganlar soni 202 kishini tashkil etmoqda. Jasadlarini topish va shaxsini aniqlash jarayoni davom etyapti”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, kuchli yomg‘irlar tufayli jabr ko‘rgan hududlarga yordam berish uchun qo‘shimcha 500 harbiy xizmatchi yuborilgan. Tabiiy ofatlar Valensiyaning yo‘l infratuzilmasiga jiddiy zarar yetkazgan, oqibatda 60 dan ortiq yo‘llar yopilgan.
“Bloomberg” nashriga ko‘ra, global isish Ispaniyada kuzatilgan kuchli toshqinlarning asosiy sababi hisoblanmoqda. Iqlim o‘zgarishining ekstremal ob-havo hodisalariga ta’sirini o‘rganadigan World Weather Attribution (WWA) tashkiloti mintaqada kuchli va qisqa muddatli yomg‘irlarning soni ko‘payayotganini qayd etgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Valensiyada yog‘ingarchilik darajasi 1850-1900 yillarga qaraganda 12 foizga kuchliroq va ikki baravar ko‘proq. Mutaxassislar bu o‘zgarishlarni O‘rta yer dengizi mintaqasidagi havoning rekord darajadagi yuqori harorati bilan bog‘lamoqda. WWA ma’lumotlariga ko‘ra, ekstremal va vayronakor bo‘ronlar yaqin kelajakda yanada tez-tez sodir bo‘lishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ispaniyada suv toshqinlari sabab halok bo‘lganlar soni 158 kishiga yetgani xabar qilingan edi. Qurbonlarning aksariyati mamlakatning sharqiy qismidagi Valensiya hududida qayd etilgan. Shuningdek, markaziy Kastiliya-La-Mancha va janubiy Andalusiya hududlarida ham o‘lim holatlari kuzatilgan. 31 oktyabr kuni butun mamlakat bo‘ylab uch kunlik motam e’lon qilingan.
LiveBarchasi