Ispaniyadagi toshqin qurbonlari 100 ga yaqinlashdi
Olam
−
31 Oktabr
1839Ispaniyaning Valensiya avtonom hamjamiyatida bir kun ichida bir yillik miqdordagi yog‘ingarchilik yog‘ishi oqibatida suv toshqinlari yuzaga keldi. Ushbu ofat oqibatida qurbon bo‘lganlar soni 95 kishiga yetdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi
Mahalliy meteorologlarga ko‘ra, joriy yilning 29 oktyabr kuni Valensiyaning ayrim qismlarida sakkiz soat ichida bir yillik yog‘ingarchilik yoqqan. Bu esa avtomagistrallarda to‘qnashuvlarga va Ispaniya yetakchi global eksportchi hisoblanadigan sitrus mevalarining uchdan ikki qismi yetishtiriladigan hududni suv bosishiga sabab bo‘lgan.
Ushbu suv toshqini 2021 yil Germaniyada 185 kishi halok bo‘lgan ofatdan keyin Yevropadagi eng falokatlisi hisoblanmoqda. Shuningdek, bu zamonaviy Ispaniya tarixidagi eng yomoni, chunki bungacha eng halokatli hisoblangan 1996 yildagi Pireney tog‘larining Beskas shahri yaqinidagi suv toshqini qurbonlari soni 87 kishi atrofida bo‘lgan.
Bundan tashqari, 1957 yil Valensiya shahrida suv toshqini oqibatida o‘nlab odamlar halok bo‘lgan. Bu shahar markazida toshqinlarning oldini olish uchun Turiya daryosining yangi oqimini qurishga olib kelgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ushbu to‘fon oqibatida qurbon bo‘lganlar soni 51 kishiga yetgani va zarar 10 milliard yevrodan oshgani xabar qilingan edi.