Ispaniyada o‘rmon yong‘inlari avj oldi. Qurbonlar bor
Olam
−
21 avgust 1736 1 daqiqa
Ispaniyada 7 avgust kunidan beri davom etayotgan o‘rmon yong‘inlari hanuzgacha to‘liq o‘chirilgani yo‘q. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.
Yong‘inlar oqibatida qurbonlar soni to‘rt kishiga yetgan. Yong‘inlarga aloqadorlikda gumon qilinib, 37 kishi qo‘lga olingan. Eng og‘ir vaziyat Galisiya avtonomiyasida kuzatilmoqda, bu yerda 155 ming gektar maydon yongan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2006 yildan beri eng kattasi hisoblanadi.
Umuman olganda, atrof-muhit monitoringi xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, faqat avgust oyining o‘zida Ispaniyada 350 ming gektardan ortiq hudud yonib ketgan. Kastaliya va Leon aholisi yong‘inlarga qarshi kurashni markaziy hukumat zimmasiga o‘tkazishni talab qilmoqda. Hozirda mamlakat bo‘ylab 21 ta yong‘in o‘chog‘ini bartaraf etish ishlari davom etmoqda, shimolda esa ispaniyalik o‘t o‘chiruvchilarga Germaniya mutaxassislari ham yordamga kelgan.
Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches yong‘inlar yuz bergan hududga tashrif buyurib, 16 kundan buyon davom etayotgan yong‘inlarning kelib chiqish sababi iqlim o‘zgarishi hamda jazirama issiq ekanini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Fransiyada kuchli o‘rmon yong‘ini yuz bergani, unda bir kishi halok bo‘lib, yana bir odam bedarak yo‘qolgani haqida xabar berilgandi.